Farg‘ona viloyati va Yaponiya hamkorligida yangi yo‘nalishlar belgilab olindi
2026-09-29 14:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, Yaponiyaning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot tajribasi, ko‘plab sohalardagi ilg‘or yondashuvlaridan o‘rganish muhimligi qayd etildi. Ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va muloqotlari o‘zaro munosabatlarda yangi davrni boshlab bergani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda ijtimoiy va muhim iqtisodiy sohalarda Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘llab-quvvatlash ishlari, shuningdek, yapon biznesining mamlakatimizga kirib kelayotgani alohida qayd etildi.
Farg‘ona viloyatida ham Yaponiya bilan hamkorlik doirasida qator loyihalar amalga oshirilayotgani, jumladan, mehmonxona sohasi, yapon bog‘ini barpo etish, mahalliy mahsulotlarni Yaponiya bozoriga olib chiqish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgani aytildi.
Mehmonlar Quva tumanidagi “Quva Agro star” korxonasiga tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishganini ma’lum qildi. Farg‘onada yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini Yaponiya bozoriga tizimli ravishda eksport qilish muhimligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Yaponiyalik qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini “Agrostar”ga jalb etish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy qilish hamda mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Bu orqali viloyatda yetishtirilayotgan mahsulotlarni Yaponiya bozori talablariga mos ravishda tayyorlash va eksport geografiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Buyuk ipak yo‘li — Samarqand va Farg‘ona” yo‘nalishida qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi. Tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar va qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlarni joriy etishda, xususan, Yaponiya tajribasidan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, qishloq joylarda, xususan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, Yaponiyaning ishlash va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha tajribalarini Farg‘onada joriy etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mehmonxona sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida sayyohlar oqimi ortib borayotgani, shu bois zamonaviy mehmonxonalarga ehtiyoj ham yuqori ekani qayd etildi. Ushbu yo‘nalishda yapon investorlari bilan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
“Washin Trading Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari Ramzan Siddiq bilan Farg‘ona viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini Yaponiya bozoriga tizimli ravishda yetkazib berish, eksport hajmini oshirish, mahsulotlarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik masalalari, olib borilayotgan yangi tashabbuslar bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar bo‘yicha hamkorlikda ishlarni jadallashtirishga kelishildi.
Ushbu tashrif Farg‘ona viloyati va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berishi qayd etildi.

