Farg‘ona va Minsk viloyatlari o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2026-09-24 09:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki hudud o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, yangi investitsiya va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda viloyat hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8–9-iyul kunlari Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan ushbu mamlakatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochganini, oliy darajadagi muloqotlar natijasida O‘zbekiston–Belarus munosabatlari strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Shu bois, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, mavjud salohiyat va imkoniyatlarni o‘zaro manfaatli loyihalarga yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Uchrashuvda Farg‘ona va Minsk viloyatlarining iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishiga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki viloyatning iqtisodiy-investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy sohalar, turizm, savdo-sanoat yo‘nalishlaridagi salohiyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Farg‘onaning to‘qimachilik, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash, sanoat hamda mehnat resurslari salohiyati Minsk viloyatining agrotexnologiyalar, chorvachilik, mashinasozlik va zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish sohasidagi imkoniyatlari bilan samarali kooperatsiya uchun mustahkam asos bo‘lishi qayd etildi.
Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko O‘zbekiston Minsk viloyati uchun turli yo‘nalishlar bo‘yicha muhim hamkor hisoblanishi, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi allaqachon 150 million dollarni tashkil etgani, o‘tgan yilgi darajaga nisbatan 28 foizga o‘sganini qayt etdi.
O‘zaro munosabatlarni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurilgani, delegatsiya tarkibida ijroiya qo‘mitalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, korxona va tashkilotlar rahbarlaridan iborat ekanligi ma’lum qilindi.
Tashrif maqsadi ham turli markazlar va korxonalarga shu bilan birga, investitsiyalarni jalb qilish uchun aniq muzokaralar o‘tkazishdan iborat. Muhokamalar davomida hamkorlikning qator yo‘nalishlari belgilab olinishiga, har ikki tomon ham uni rivojlantirishga ishonch bildirildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, mashinasozlik, turizm kabi sohalarda aloqalarni kengaytirish belgilab olindi.
Bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar — aniq natija beradigan o‘zaro munosabatlarning eng yaxshi shakli ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda shuningdek, amaliy bosqichga o‘tgan investitsiya loyihalari ham muhokama qilindi.
Muloqot davomida hamkorlikni aniq natijalar bilan boyitishga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar belgilandi.
Farg‘ona va Volojin tumanlariga esa imzolangan do‘stlik bitimi doirasida uch oy muddatda iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohalaridagi almashinuvlarni qamrab olgan qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlar Farg‘ona va Minsk viloyatlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuv yakunida hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi hujjatlar imzolandi.
Jumladan, Farg‘ona viloyati bilan Minsk viloyati o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, Volojin tumani bilan Farg‘ona tumani o‘rtasida do‘stona munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Belarus Savdo-sanoat palatasining Minsk bo‘limi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

