Surxondaryo viloyati Belarus hududlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda
2026-09-09 15:55:00 / Yangiliklar

Muloqotda hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud salohiyat va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi shuningdek, Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Yuriy Gorlov hamda Sanoat vaziri Andrey Kuznetsov bilan kengaytirilgan tarkibda uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda qoramol yetkazib berish va chorvachilikni rivojlantirish, o‘simlikshunoslik va baliqchilik sohalarida hamkorlik qilish, zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Belarusda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sanoat va logistika sohalarida katta salohiyat mavjudligi, ayni paytda malakali ishchi kadrlarga ehtiyoj yuqoriligi inobatga olinib, mehnat resurslarini tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, Surxondaryodagi texnikumlarda tahsil olayotgan yoshlarni dual ta’lim asosida Belarusdagi ta’lim muassasalarida o‘qitish, ularga mashinasozlik va sanoat yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalar berish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro bozorlarga olib chiqishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Mogilyov va Minsk viloyatlarida Surxondaryoda yetishtirilayotgan anor hamda boshqa mahsulotlar savdo yarmarkalari va milliy mahsulotlar ko‘rgazma-sayllarini, Termiz xalqaro savdo markazi hududida Belarus mahsulotlari ko‘rgazma savdosini tashkil etishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, mavjud kelishuvlarni aniq amaliy natijalar bilan boyitish va hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.


