“Yangi O’zbekiston bunyodkorlari”: xotin-qizlar uchun kasbiy mahorat sinovi
2026-06-02 09:15:00 / Yangiliklar

Ana shu maqsadlarni hayotga tatbiq etish yo’lida “Yangi O’zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi muhim platforma sifatida maydonga keldi. Bu tanlov — yoshlarning iste’dodini kashf etish, xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini qo’llab-quvvatlash va zamonaviy mehnat bozoriga munosib mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan tizimli qadamdir.
Tadbirda Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ishtirok etib, tanlov ishtirokchilariga muvaffaqiyat qiladi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi boshqaruvi raisi Qahramon Quronboyev ishtirok etdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8-apreldagi “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomi asosida o‘tkazilmoqda. Unda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan texnikum o‘quvchilari, talabalar, yoshlar hamda band bo‘lmagan aholi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashadi.
Tadbir “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida yoshlarning kasbiy mahoratini qo‘llab-quvvatlash, ularni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga keng jalb etish, shuningdek, zamonaviy kasblarning nufuzini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda texnikum o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda muayyan kasb-hunar egallash istagidagi fuqarolar ishtirok etmoqda. Bu esa loyihaning mehnat bozoriga kirishga intilayotgan keng qatlamni qamrab olayotganini ko‘rsatadi.
Tadbirga hududlardan vakillar ZOOM platformasi orqali ulanib, jarayonni kuzatib bordi. Shu bilan birga, barcha hududlarda tanlovning ochilish marosimlari parallel tarzda tashkil etildi.
Tanlov 10 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Jumladan, elektromontaj, payvandlash texnologiyasi, santexnika, tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik, quruq qurilish va suvoq ishlari, sartaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, moda texnologiyalari, oshpazlik hamda kompyuter grafikasi yo‘nalishlarida ishtirokchilar o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etmoqda. Jarayonlarda xotin-qizlar ham faollik ko’rsatayotgani, ularning ham o’z kasbi va daromadiga ega bo’lishi qo’llab-quvvatlanayotganini ko’rish mumkin.
Ta’kidlanganidek, mazkur tanlov iqtisodiyotning real sektorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni ommalashtirish, yoshlarda, xususan, xotin-qizlarda amaliy kasblarga qiziqishni oshirish va ularni mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” tanlovi yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy mehnat bozoriga tayyorlash hamda mehnatga asoslangan muvaffaqiyat madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida baholanmoqda.

