O‘zbekiston-Germaniya industriyasi va innovatsiyalari Forumi
2026-05-19 09:15:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbirlarda delegatsiyalar rahbarlari - O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va “Knauf Group” kompaniyasi ijrochi hamkori Uve Knotser qutlov so‘zlari bilan chiqish qildilar. Shuningdek, ochilish marosimida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi direktori Mixael Harms hamda Germaniya Elchisi Manfred Xuterer ishtirok etdi.
Tadbirlarda ISSV vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev ham qatnashdi. Forum doirasida u nemis korxonalari faoliyatiga bag‘ishlangan sessiyada ma’ruza qildi, ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida esa O‘zbekiston biznes doiralari vakillarining taqdimotlariga moderatorlik qildi.
Biznes-forum dasturi hamkorlik va kadrlar tayyorlash masalalarini qamrab oldi. Unda Soliq qo‘mitasi, Kasb-hunar ta’limi agentligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Gyote instituti rahbariyati hamda CLAAS, Schneider Group, GIZ, Wilo, Messe Frankfurt, Bericap, telc, Petroline Holding, Motiba, Prosica, GP Günter Papenburg va Askania Bildung kabi kompaniyalar ishtirok etdilar.
Ishbilarmonlar kengashi avtosanoat, AKT, geologiya va sanoat sohalariga investitsiyalar kiritish masalalariga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda “O‘zavtosanoat”, Volkswagen, IT Park, Schwarz Digits, Henkel, CLAAS, Control Union, Telc, Ernst Klett Sprachen, Olmaliq KMK, Procab, Akfa group hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti vakillari ma’ruzalar bilan so‘zga chiqdilar. Kunning yakuniy qismi ikki tomonlama muzokaralarga boy bo‘ldi.


