“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi tashkil qilindi
2026-05-15 11:15:00 / Yangiliklar

Tadbirning ochilish marosimida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.Islamov, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori B.Xaydarov, “OKMK” AJ Boshqaruvi raisi A.Xursanov ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar Ohangaronda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmaning sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Ko‘rgazma doirasida tog‘-kon sanoati va metallurgiya yo‘nalishidagi yuqori texnologik mahsulotlar, sanoat startaplari, ilmiy ishlanmalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etildi.
Shuningdek, mahalliy kontentni kengaytirish, “shatakka olish” tizimi orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kafolatli xarid shartnomalari va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbir davomida mahalliylashtirishga tayyor mahsulotlar, sanoat ehtiyojlari hamda hali o‘zlashtirilmagan yo‘nalishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Yirik sanoat korxonalari tomonidan import qilinayotgan mahsulotlar va ularni mahalliylashtirish imkoniyatlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Ko‘rgazmaning birinchi kunida 90 dan ortiq tadbirkor o‘z stendlari bilan, 500 dan ortiq tadbirkor esa stendsiz formatda ishtirok etdi.
Ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2 500 nafardan oshdi.
Birinchi kun yakunlariga ko‘ra, 30 ta kelishuvga erishilib, umumiy qiymati qariyb 212,1 milliard so‘mlik bitimlar shakllantirildi.

