Oliy ta’lim va professional ta’lim sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-05-07 14:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda oliy ta’lim va professional ta’lim sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa tibbiyot yo‘nalishida xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari o‘z faoliyati, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi klinikalar tarmog‘i hamda tibbiy kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj haqida ma’lumot berib, O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdilar.
Muzokaralarda O‘zbekistondagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini Polsha, Slovakiya va Chexiya kabi davlatlardagi klinikalarda ish bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kompaniya tomonidan mazkur mamlakatlarda o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar uchun ehtiyoj mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun Yevropa mamlakatlarida stajirovkalar tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Kompaniya vakillari talabalarni klinikalar faoliyati, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish standartlari va xalqaro mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar kasbiy ta’lim sohasida, xususan hamshiralik ishi yo‘nalishida hamkorlik qilish istiqbollariga ham alohida to‘xtaldilar. Bunda tibbiyot texnikumlari bitiruvchilarining amaliy ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va ularni xorijiy klinikalarda ish bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni batafsil o‘rganish, hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim tashkilotlari ishtirokida muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

