Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi
2026-04-06 09:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Andijon viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, mas’ul tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida erta nikohlarning oldini olish, nikohni qonuniy rasmiylashtirmasdan turmush qurish holatlariga barham berish, ajrim yoqasidagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash va yarashtirish, shuningdek, to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni kamxarj va ixcham tarzda o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF-33-son Farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, unda belgilangan ustuvor vazifalarni joylarda tizimli amalga oshirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qabul qilingan qarorlarga muvofiq, Andijon viloyatida haftaning har juma kuni “Oila kuni” etib belgilandi. Mazkur kunda mutasaddilar hududlardagi FHDYO bo‘limlarida aholi bilan uchrashib, ularning murojaatlarini joyida ko‘rib chiqish va muammolariga amaliy yechim topish choralarini ko‘radi.
Yig‘ilish yakunida viloyat rahbari tomonidan barcha mutasaddilarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

