Vobkentda etno-turizm qishlog‘i: hunarmand xotin-qizlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-02-19 09:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi B. Zaripov ham ishtirok etib, hududda turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda mahalliy aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyatini alohida qayd etdi.
Tashrif davomida mazkur turizm maskanida mehmonlarni qabul qilish, milliy an’analar va urf-odatlarni namoyish etishga qaratilgan xizmatlar, hunarmandchilik ko‘rgazma va savdo nuqtalari, mahalliy taomlar tayyorlash hamda etno-madaniy dasturlar tashkil etish yo‘nalishlarida yo‘lga qo‘yilgan amaliy ishlar ko‘zdan kechirildi.
Turizm qishlog‘ida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va kengaytirayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar — mahsulot tayyorlash va namoyish etish joylari, mijozlar bilan ishlash, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, shuningdek, marketing va savdoni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha imkoniyatlar bilan tanishildi.
Shu bilan birga, “Daromadli ayol” loyihasi doirasida kasanachilik asosida tashkil etilgan yo‘nalishlar — tikuvchilik, milliy bezak buyumlari tayyorlash, kashtachilik, to‘qimachilik, suvenir mahsulotlari ishlab chiqarish kabi faoliyatlar orqali xotin-qizlarning oilaviy byudjetini mustahkamlashga xizmat qilayotgan tajribalar alohida e’tirof etildi.
Mahallada xotin-qizlarning mehnatini daromadga aylantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif yakunida turizm maskani salohiyatini yanada oshirish, hunarmand ayollar mahsulotlarini bozorga va sayyohlarga samarali yetkazish, kooperatsiyani kuchaytirish, shuningdek, kasanachilik faoliyatini kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

