G'aznachilikning tarixi

G‘aznachilik tizimi davlat byudjetini ijro etishning samarali va amaliy mexanizmi hisoblanib, unda davlat daromadlari va xarajatlari bo‘yicha barcha operatsiyalar G‘aznachilik tomonidan yagona g‘azna hisobvarag‘i (YAG‘H) orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimini isloh qilish maqsadida 2002-yilda g‘aznachilikni tashkil etish ishlari boshlandi va bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
2004-yilda “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, u G‘aznachilikning tashkil etilishi va davlat byudjetining g‘azna ijrosi mexanizmini joriy etishda muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.
2005-yil 1-iyundan boshlab Toshkent shahri va Samarqand viloyatida davlat byudjeti g‘azna ijrosining ayrim elementlarini tajriba tariqasida joriy etish boshlandi. Keyinchalik ushbu tizim bosqichma-bosqich kengaytirilib, 2006–2007-yillarda qolgan 12 hududda ham amalga oshirildi.
Davlat byudjeti g‘azna ijrosining asosiy maqsadi — kassaning yagonaligi hamda buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish, ya’ni barcha daromadlarni yagona g‘azna hisobvarag‘iga kiritish, shuningdek, davlat byudjeti xarajatlarini shu hisobvaraq orqali to‘lashdan iborat.
Ushbu maqsad sari dastlabki qadam sifatida 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat byudjetining g‘azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, mamlakatimizda g‘aznachilik tizimi rivojlanishining yangi bosqichi boshlandi.
2007-yilda dastlab hududiy g‘azna hisobvaraqlari (HG‘H) joriy etilishi orqali byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag‘ oluvchilarning tijorat banklarida ochilgan byudjet mablag‘lari bo‘yicha barcha bank hisobvaraqlari yopildi hamda byudjet mablag‘lari g‘azna ijrosi bilan qamrab olindi. Keyinchalik, 2010-yildan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari ham to‘liq g‘azna ijrosi bilan qamrab olindi.
2009-yildan boshlab barcha hududiy g‘azna hisobvaraqlari bo‘yicha to‘lovlarni “Bank-mijoz” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
2010-yildan boshlab bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlarning g‘aznachilik hisobvarag‘iga o‘tkazilishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida 2012-yil 1-yanvardan boshlab ochilgan yagona g‘azna hisobvarag‘i (YAG‘H) joriy qilinib, davlat byudjeti mablag‘lari ushbu hisobvaraqda jamlandi va to‘lovlar mazkur hisobvaraq orqali amalga oshirila boshlandi.
2016-yilda byudjet tizimi byudjetlari daromadlari g‘azna ijrosi bilan to‘liq qamrab olindi. Natijada soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish bo‘yicha vakolatli organlarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari yopilib, mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yagona g‘azna hisobvarag‘iga undirish tartibi joriy etildi.
2011-yil 7-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xaridlari tizimini muqobillashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb qilishni kengaytirish to‘g‘risida”gi PQ-1475-son qaroriga muvofiq, davlat xaridlari sohasida vakolatli organ etib O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi belgilandi.
Valyuta xatarlarini boshqarish (xedjirlash) va derivativ instrumentlardan foydalanish orqali valyuta operatsiyalari risklarini kamaytirish maqsadida 2022-yil mart oyida xorijiy kontragent bilan 20 mln AQSH dollari miqdoridagi ilk svop operatsiyasi amalga oshirildi.
Bugungi kunda g‘aznachilik operatsiyalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida inson omilini istisno etgan holda elektron hujjat aylanishiga to‘liq o‘tish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalalarni ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tashkil etildi.
