Byurokratiyani bartaraf etish — 2030
“Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi “Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlarining sifati va ochiqligini oshirishdan iborat.
Mazkur maqsadlarga erishish davlat va fuqarolar o‘rtasidagi muloqot sifatini oshiradi, davlat xizmatchilarining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlaydi, shuningdek, obyektiv standartlar va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga asoslangan raqamli demokratik boshqaruvga o‘tish uchun sharoit yaratadi.
Islohotlarning dolzarbligi davlat xizmatlariga bo‘lgan yuqori talab bilan izohlanadi. Xususan, 2026-yil boshidan buyon my.gov.uz portali orqali 24 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, ijtimoiy to‘lovlarni rasmiylashtirish va mulkiy huquqlarni qayd etish sohalarida hanuz ortiqcha hujjatlar talabi hamda murakkab ma’muriy tartib-taomillar saqlanib qolmoqda va ularni tizimli ravishda bartaraf etish zarurati mavjud.
