G'aznachilikning faoliyati to'g'risidagi nizomi

Ushbu vaqtinchalik Nizom O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — G‘aznachilik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish tartibi va hisobdorligini, shuningdek, G‘aznachilik rahbarlarining funksional majburiyatlari hamda javobgarliklarini belgilaydi.
G‘aznachilik O‘zbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari g‘azna ijrosini amalga oshirish sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
G‘aznachilik O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga (keyingi o‘rinlarda — Iqtisodiyot va moliya vazirligi) bo‘ysunadi.
G‘aznachilik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hujjatlariga, shuningdek, ushbu vaqtinchalik Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
G‘aznachilik tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
G‘aznachilik hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy boshqarmalar) yuridik shaxs hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
G‘aznachilik o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlariga muvofiq ravishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil tarzda amalga oshiradi.
G‘aznachilikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi;
qisqartmasi — G‘aznachilik.
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Комитет казначейской службы при Министерстве экономики и финансов Республики Узбекистан;
qisqartmasi — Казначейство.
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Treasury Service Committee under the Ministry of Economy and Finance of the Republic of Uzbekistan;
qisqartmasi — Treasury.
G‘aznachilikning joylashgan manzili (pochta manzili): Toshkent shahri, Niyozbek yo‘li ko‘chasi, 1-uy, 100035.
