G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi
2026-10-16 00:00:00 / Yangiliklar

Tadbirning asosiy maqsadi davlat tilining jamiyat va davlat boshqaruvi tizimidagi nufuzini yanada oshirish, xodimlarning davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Obiddin Mahmudov ochib berdi. U o‘z so‘zida o‘zbek tilining milliy o‘zligimizni anglash, tarixiy xotiramiz va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylashdagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, davlat tilining jamiyat hayotidagi mavqeini mustahkamlash, davlat tashkilotlarida rasmiy ish yuritish madaniyatini takomillashtirish, hujjatlarni adabiy til me’yorlariga muvofiq rasmiylashtirish hamda ona tiliga nisbatan mas’uliyat va e’tiborni kuchaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridan ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N. Djurayev ham so‘zga chiqib, o‘zbek tilining milliy o‘zligimiz, ma’naviy qadriyatlarimiz va davlat boshqaruvi tizimidagi ahamiyatini alohida qayd etdi. U xodimlarning davlat tilida ish yuritish malakasini mustahkamlash, yozma savodxonligini oshirish, xizmat hujjatlarida adabiy til me’yorlariga izchil amal qilish hamda rasmiy muloqot madaniyatini yuksaltirish masalalariga e’tibor qaratdi. Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish davlat organlarida ish yuritish sifatini yaxshilash va davlat tilining amaliy nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bayram tadbirining madaniy-ma’rifiy qismi ham mazmunan boy va ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
O‘zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Zamira Suyunova tomonidan ijro etilgan “O‘zbek tilim” qo‘shig‘i ishtirokchilarga o‘zgacha bayramona kayfiyat ulashdi. Ona tilimizga bo‘lgan mehr, milliy qadriyatlarimizga sadoqat va yurtga muhabbatni tarannum etgan ushbu ijro tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.
Tadbir davomida taniqli jurnalist va teleboshlovchi, “Shuhrat” medali sohibasi Nozima Vohidova so‘zga chiqib, so‘z san’ati, nutq madaniyati, fikrni ravon va ta’sirchan ifodalash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida adabiy til me’yorlariga rioya etishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, so‘zning ta’sir kuchi nafaqat mazmunda, balki uni o‘rinli, aniq va ifodali qo‘llashda ham namoyon bo‘ladi. Nutq madaniyatiga rioya qilish, so‘z boyligidan to‘g‘ri foydalanish va adabiy til me’yorlarini hurmat qilish tilning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashning muhim omillaridandir.
Tadbirning yana bir mehmoni aktyor, kinorejissyor va prodyusser Sanjar Shodiyev esa san’at va ijod olamida ona tilining boyligi va o‘rni, so‘zning inson qalbi va tafakkuriga ta’siri, milliy madaniyatni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazishda tilning ahamiyati xususida jo‘shqin nutq so‘zladi.
Tadbirda Janubiy Koreya Respublikasining Koreya Fiskal axborot xizmati eksperti Sangvuk Namning ishtirok etgani ham bayramga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi. Mehmon o‘zbek tili bayrami munosabati bilan ishtirokchilarni o‘zbek tilida samimiy tabriklab, bayram tilaklarini bildirdi. Uning ona tilimizda so‘zlagan tabriklari tilga bo‘lgan hurmat va ehtirom millatlararo hamdo‘stlikni mustahkamlaydi. Bu kabi samimiy muloqotlar o‘zaro hurmat, madaniy yaqinlik va xalqaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Bayram tadbiri doirasida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi maxsus sarhisob videoroligi namoyish etildi.
Videolavhada mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish hamda xodimlarning til madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlar yoritildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri davlat tilida ish yuritish madaniyati va yozma savodxonligi bilan ajralib turgan xodimlarning “Eng savodxon xodim” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlangani bo‘ldi. Ushbu e’tirof xodimlarning davlat tilida savodli hujjat yuritishi, imlo va uslub me’yorlariga rioya qilishi, xizmat faoliyatida til madaniyatini namoyon etishi naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Bunday tashabbuslar jamoada sog‘lom intilish muhitini shakllantirish, xodimlarning o‘z bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirish hamda savodxonlikni kundalik mehnat faoliyatining ajralmas qismiga aylantirishga xizmat qiladi.
G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida tashkil etilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglash, milliy qadriyatlarimizga sadoqatni mustahkamlash hamda xodimlar o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.









