USTOZLARGA EHTIROM
2026-09-30 00:00:00 / Yangiliklar

Ustoz...
Bu soʻzni eshitganimizda koʻz oʻngimizda, avvalo, bizga harf tanitgan, birinchi kitobni tutqazgan, yaxshi bilan yomonni, toʻgʻri bilan notoʻgʻrini anglashga oʻrgatgan inson gavdalanadi.
Ustoz — shunchaki kasb egasi emas. U insonning dunyoqarashi, tafakkuri va maʼnaviy qiyofasi shakllanishiga taʼsir koʻrsatadigan, hayot yoʻlida oʻzidan iz qoldiradigan inson.
1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi markaziy apparatida “Ustozimga ehtirom” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy mazmuni bir ezgu tuygʻuga — ustozga ehtirom va minnatdorlikni ifoda etishga mujassam boʻldi.
Tadbir avvalida Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi A. Xaydarov ustozlik tushunchasining inson hayotidagi oʻrniga toʻxtalib, har bir insonning birinchi va eng buyuk ustozlari, avvalo, uning ota-onasi ekanini taʼkidladi.
Darhaqiqat, inson hayot saboqlarini oila bagʻrida oladi. Ilk soʻz, odob, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi fazilatlar, avvalo, ota-ona namunasi orqali shakllanadi. Ota-ona farzandiga, nafaqat, hayot beradi, balki unga butun umri davomida yoʻl koʻrsatuvchi maʼnaviy mezonlarni singdiradi.
Inson ulgʻayib, mustaqil hayot sari qadam qoʻyar ekan, uning yoʻlida yangi ustozlar paydo boʻladi. Maktabdagi birinchi muallim, kasb sirlarini oʻrgatgan ustoz, mehnat faoliyatida yoʻl koʻrsatgan rahbar va tajribali hamkasblar — ularning har biri inson kamolotida oʻz oʻrniga ega.
Shu maʼnoda, ustozga ehtirom — faqat oʻtmishga hurmat emas. Bu bugungi kunga shukr, ertangi avlod oldidagi masʼuliyat va ezgu anʼanalarni davom ettirishga tayyorlikdir.
Tadbirning dastlabki qismi gʻaznachilik tizimida koʻp yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlarga bagʻishlangan videorolik namoyishi bilan boshlandi. Ekranda yillar davomida oʻz mehnati, tajribasi va insoniy fazilatlari bilan jamoa hayotida munosib iz qoldirgan ustozlar gavdalandi.
Ularning mehnat yillari, shogirdlari va hayot yoʻliga singdirgan saboqlari — gʻaznachilik tizimining shakllanish va taraqqiyot tarixining bir qismi. Zero, haqiqiy ustozning eng katta merosi lavozim yoki unvon emas, balki oʻzidan keyin qoldirgan munosib shogirdlaridir.
Shundan soʻng gʻaznachilik tizimida uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriy ustozlar davraga taklif qilinib, ularning kasbga sadoqati, koʻp yillik mehnat faoliyati va yosh avlod tarbiyasiga qoʻshayotgan hissasi alohida eʼtirof etildi.
Gʻaznachilik Kasaba uyushmasi tomonidan faxriy ustozlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Bu eʼtibor ustozlarning mehnat yoʻliga bildirilgan hurmat ifodasi boʻlish bilan birga, ustoz-shogird anʼanalarini asrab-avaylash va davom ettirishga boʻlgan eʼtiborning amaliy koʻrinishi boʻldi.
Tadbirda Iqtisod fanlari doktori, professor, jamoatchilik faoli Barnogul Rizaqulovna Sanaqulova soʻzga chiqib, ustozlikning inson va jamiyat hayotidagi oʻrni, kasbiy tajribaning avloddan avlodga oʻtishi haqida fikr bildirdi.
Professor taʼkidlaganidek, haqiqiy ustoz shogirdiga tayyor bilimnigina bermaydi. U mustaqil fikrlash, masʼuliyatni his etish, toʻgʻri qaror qabul qilish, kasbiga sadoqat va jamiyat oldidagi burchini vijdonan ado etish kabi fazilatlarni ham shakllantiradi.
Ayniqsa, davlat moliyasi kabi yuksak masʼuliyat talab etadigan sohada kasbiy tajriba va ustozlik maktabining ahamiyati beqiyos. Davlat byudjeti — shunchaki raqamlar yigʻindisi emas. U xalq ishonchi, mamlakat taraqqiyoti va kelajak avlod farovonligi bilan bogʻliq ulkan masʼuliyatdir.
Shu bois byudjet mablagʻlarini samarali boshqarish, ulardan oqilona va maqsadli foydalanish tamoyillarini yillar davomida shakllantirgan, bugun esa oʻz tajribasini yosh mutaxassislarga oʻrgatib kelayotgan faxriy ustozlarning mehnati alohida qadrga ega.
Barnogul Sanaqulova oʻz soʻzi yakunida faxriy ustozlarga samimiy tilaklar bildirib, ularga mustahkam sogʻlik, oilaviy xotirjamlik, uzoq umr va shogirdlari kamolidan bahramand boʻlib yashash baxtini tiladi.
Tadbirning badiiy qismi Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” unvoni sohibasi Dilnoza Kubayeva Oqilbekovnaning chiqishi bilan davom etdi.
Sanʼatkorning ustoz va murabbiylarga bagʻishlangan sheʼrlari, shuningdek, oʻzbek adabiyotining yetuk namoyandalari Abdulla Oripov va Erkin Vohidov ijodidan namunalarni mahorat bilan ijro etishi tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi. Ularda ifodalangan ustozga ehtirom, shogirdlik masʼuliyati va inson kamoloti haqidagi gʻoyalar tadbirning maʼnaviy mazmunini yanada boyitdi.
“Ustozimga ehtirom” tadbiri ustoz va murabbiylarning koʻp yillik mehnati va boy tajribasini eʼtirof etish, ularning gʻaznachilik tizimi rivojiga qoʻshgan hissasini qadrlash bilan bir qatorda, avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy va kasbiy vorislikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Bugun tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar mehnatida faxriy ustozlarning yillar davomida shakllangan tajribasi, kasbiy saboqlari va ezgu anʼanalari davom etmoqda.









