Gʻaznachilikda hamkorlik: tajriba almashinuvidan zamonaviy yechimlar sari
2026-09-23 00:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiyaning 20–25-sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Federal g‘aznachiligiga tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Uchrashuvlarda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Numon Djurayev, vazirlik xodimlari va G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi mutaxassislari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Federal g‘aznachiligi rahbari o‘rinbosarlari Aleksandr Demidov va Aleksandr Mixaylik, G‘aznachilik monitoringi boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Vasin hamda Auditorlik faoliyati ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Lyudmila Muromtseva ishtirok etmoqda.
Tadbirlar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, davlat moliyasini boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, shuningdek, g‘aznachilik faoliyatining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Rossiya Federal g‘aznachiligining g‘aznachilik monitoringi va kuzatuvi, auditorlik faoliyati ustidan xavfga yo‘naltirilgan nazoratni amalga oshirish, auditorlik faoliyatini masofaviy monitoring qilish, nazorat tadbirlarini rejalashtirish hamda nazorat subyektlari xatarlarini baholashda raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tajribasi taqdim etilmoqda.
Shuningdek, auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida shubhali operatsiyalarning mezonlari va belgilarini aniqlash, mijozlar, ularning vakillari va benefitsiar mulkdorlarini identifikatsiya qilishga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohalarida nazoratni tashkil etish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi tajribasi o‘rganilmoqda.
Tashrif doirasida g‘aznachilik tizimini takomillashtirish, markazlashtirilgan buxgalteriya hisobini yuritish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari bo‘yicha ham fikr almashish ko‘zda tutilgan.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston va Rossiya g‘aznachilik organlari o‘rtasidagi tajriba almashinuvi va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, davlat moliyasini boshqarish hamda nazorat jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan.



