Abdulla Avloniy merosi — tafakkur mezonida: kitobxonlik tanlovi gʻoliblari aniqlandi.
2026-09-11 00:00:00 / Yangiliklar

Bugun davlat xizmatchisiga faqat oʻz sohasining bilimdoni boʻlishning oʻzi yetarli emas. U keng fikrlay olishi, jamiyatdagi jarayonlarni teran anglashi, milliy qadriyatlarga tayana bilishi, masʼuliyat va halollikni kasbiy faoliyatining ustuvor mezoni sifatida qabul qilishi lozim. Ana shu jihatdan qaraganda, kitob mutolaasi insonning, nafaqat, maʼnaviy, balki kasbiy kamolotiga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida amalga oshirilayotgan navbatdagi “Bir oyda — bir kitob” loyihasi ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Loyiha doirasida xodimlarga muayyan asarni mutolaa qilish, uning mazmun-mohiyatini anglash va asarda ilgari surilgan gʻoyalar yuzasidan mustaqil mushohada yuritish uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Navbatdagi tanlov uchun buyuk maʼrifatparvar, jadid adabiyotining yirik vakili Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari tanlangani esa loyihaning mazmunan yanada boyishiga xizmat qildi. Abdulla Avloniy ijodiga murojaat qilar ekanmiz, bir jihat alohida eʼtiborni tortadi: mutafakkir uchun inson tarbiyasi jamiyat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri boʻlgan.
“Turkiy Guliston yoxud axloq” asaridagi ilm-maʼrifat, axloq, tarbiya, vatanparvarlik, masʼuliyat va inson kamolotiga oid qarashlar bugungi kun bilan hamohangligi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, davlat xizmatida insonning maʼnaviy qiyofasi va masʼuliyati masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi sharoitda A.Avloniy asaridagi gʻoyalar yanada chuqurroq mushohada qilishga undaydi. Zero, xalq manfaati yoʻlida xizmat qilayotgan insonning bilim va salohiyati uning kasbiy vazifalarini bajarishida namoyon boʻlsa, uning maʼnaviy qiyofasi qabul qilayotgan qarorlari, munosabati va masʼuliyatida aks etadi. Shu maʼnoda, A.Avloniy asari mutolaasi xodimlar uchun tarixiy-adabiy meros bilan tanishishdan tashqari, kasbiy masʼuliyat va shaxsiy fazilatlar haqida fikr yuritish maydoni vazifasini ham bajardi.
Tanlovning hal qiluvchi bosqichi ishtirokchilarning asarni qay darajada oʻzlashtirganini aniqlash bilan cheklanmadi. Unda ishtirokchilarga asarda ilgari surilgan gʻoyalar, inson kamolotidagi axloqiy fazilatlar, farzand tarbiyasida adolat, vatanparvarlik, masʼuliyat va intizom masalalariga oid murakkab savollar berildi.
Bu savollarga javob berish uchun asar mazmunini bilishning oʻzi kifoya qilmadi. Ishtirokchilar oʻz fikrini shakllantirishi, uni dalillar bilan asoslashi va bugungi hayot bilan bogʻlay olishi talab etildi. Shu jihatdan tanlovning har bir bosqichi ishtirokchining kitobxonlik darajasi bilan bir qatorda, uning mustaqil fikrlash, tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyatini ham namoyon etdi.
Gʻaznachilik Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi aʼzolaridan tuzilgan Hakamlar hay’ati 2-bosqich nomzodlarining bilim va salohiyatini quyidagi mezonlar asosida xolis baholadi:
- asar mazmuni va muallif gʻoyalarining mohiyatini chuqur anglaganligi;
- milliy hamda oilaviy qadriyatlar asosida mustaqil, tahliliy va mantiqiy fikr yurita olishi;
- nutq madaniyati, fikrning ravonligi, dalillarning asoslanganligi va xulosalarning taʻsirchanligi.
Qizgʻin bahs va savol-javoblar asosida kechgan tanlov yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar aniqlandi.
1-oʻrin — Xasanov Jaxongirmirzo Axadjon oʻgʻli, Raqamli rivojlanish va sunʻiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyiha ofisi bosh mutaxassisi.
2-oʻrin — Sayfullayev Rustam Asliddin oʻgʻli, Strategik loyihalarni boshqarish va xalqaro hamkorlik boʻlimi bosh mutaxassisi.
Yakuniy qarorga muvofiq, gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va davlat organlarida mutolaani ragʻbatlantirishga qaratilgan tegishli hujjatlarida belgilangan tartib asosida moddiy hamda maʻnaviy ragʻbatlantiriladigan boʻldi.
Biroq tanlovning haqiqiy qiymati faqat gʻoliblar roʻyxati yoki egallangan oʻrinlar bilan belgilanmaydi. Zero, har bir ishtirokchi mutolaa jarayonida yangi bilim oldi, oʻz qarashlarini qayta koʻrib chiqdi, asar gʻoyalarini bugungi hayot bilan qiyosladi. Bu esa kitobxonlikning eng muhim natijasidir.
Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida kitobxonlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar, nafaqat, xodimlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, balki maʼnaviy va intellektual jihatdan salohiyatli jamoani shakllantirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maʼnoda, “Bir oyda — bir kitob” loyihasi doirasidagi har bir mutolaa, har bir bahs va har bir tanlovni oddiy maʼnaviy-maʼrifiy tadbir sifatida emas, balki inson tafakkurini yuksaltirishga qaratilgan uzluksiz jarayon sifatida baholash mumkin.
Zero, bugun kitob oʻqiyotgan xodim — ertangi qarorlariga yanada masʼuliyat bilan yondashadigan mutaxassisdir.



