OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGI MUNOSABATI BILAN GʻAZNACHILIK XIZMATI QOʻMITASI RAISINING BAYRAM TABRIGI
2026-09-02 00:00:00 / Yangiliklar

Sizlarni va sizlar orqali barcha oila aʼzolaringizni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalo, istiqlol bergan imkoniyatlarning amaliy ifodasidir. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, davlat moliyasini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish hamda moliyaviy intizom va shaffoflikni yuksaltirish borasidagi ishlar yurtimiz ravnaqining poydevori hisoblanadi. Bu jarayonda Gʻaznachilik xizmati tizimi zimmasidagi masʼuliyat alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlat byudjeti — bu shunchaki raqamlar va koʻrsatkichlar yigʻindisi emas. Uning ortida xalqimizning farovonligi, yangi taʼlim va tibbiyot maskanlari, ijtimoiy muhofaza, zamonaviy infratuzilma hamda inson kapitaliga yoʻnaltirilayotgan strategik investitsiyalar mujassam.
Shu bois har bir byudjet mablagʻining oʻz vaqtida, qonuniy, maqsadli va yuqori samaradorlik bilan sarflanishini taʼminlash — nafaqat kasbiy vazifa, balki Vatanga xizmat qilishning yuksak masʼuliyatli shaklidir.
Bugun Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan har bir xodimdan zamonaviy bilim, yuksak professionallik, halollik, masʼuliyat va yangicha fikrlash talab etilmoqda.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, davlat moliyasini boshqarishning yangi mexanizmlari shakllanayotgan bugungi sharoitda bizning asosiy maqsadimiz — davlat moliyasini boshqarishda samaradorlik, shaffoflik va ishonchlilikni yanada yuksaltirish, byudjet mablagʻlaridan foydalanish natijadorligini oshirish va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan moliyaviy tizimni mustahkamlashdir.
Ishonchim komilki, sizlarning fidokorona mehnatingiz, kasbiy mahoratingiz va Vatanga sadoqatingiz bilan Gʻaznachilik xizmati tizimi oldida turgan barcha vazifalar munosib ado etiladi.
Mustaqillikning 35 yilligi — biz uchun nafaqat tarixiy sanani nishonlash, balki bosib oʻtilgan yoʻlni sarhisob qilish, erishilgan natijalarni qadrlash va kelajakdagi ulkan maqsadlar sari yanada qatʼiyat bilan intilish uchun muhim fursatdir.
Shu ulugʻ ayyomda barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy xotirjamlik, baxt-saodat, kuch-gʻayrat va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Xonadonlaringizdan fayzu baraka, qalblaringizdan ezgu niyat, hayotingizdan tinchlik va osoyishtalik hech qachon arimasin!
Yangi Oʻzbekistonimizning iqtisodiy qudrati, moliyaviy barqarorligi va xalqimiz farovonligi yoʻlidagi sharafli mehnatingiz doimo samarali boʻlsin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Oʻzbekistonimizning taraqqiyoti va ravnaqi bardavom boʻlsin!
Hurmat bilan
Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi A. Xaydarov
