Mustaqillikning 35 yilligi: fidoyi mehnat va yuksak eʼtirof
2026-08-27 00:00:00 / Yangiliklar

Mustaqillikning 35 yilligi: fidoyi mehnat va yuksak eʼtirof
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda milliy taraqqiyotimizga munosib hissa qoʻshib kelayotgan fidoyi va tashabbuskor yurtdoshlarimizning mehnati, kasbiy mahorati hamda jamoat hayotidagi faolligini munosib ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni shu yuksak eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining bir guruh xodimlari “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur yuksak eʼtirof gʻaznachilik tizimida samarali mehnat qilib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan ado etayotgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan, shuningdek, jamoat ishlarida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatayotgan xodimlarning mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Taqdirlash marosimini ochib bergan Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi A. Xaydarov mazkur esdalik nishoni, nafaqat, xodimlarning mehnatiga berilgan yuksak baho, balki Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda davlat xizmati nufuzini yuksaltirish, fidoyi va masʼuliyatli davlat xizmatchilarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir amaliy ifodasi ekanini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, davlat xizmatchisi uchun har qanday eʼtirof, avvalo, yurt oldidagi masʼuliyatni yanada chuqur his etish, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilish va oʻz vazifasini yuksak professional darajada bajarishga undaydi. Zero, davlat xizmatida mehnat qilayotgan har bir insonning faoliyati ortida xalqning ishonchi, davlatning yuksak maqsadlari va mamlakat taraqqiyoti bilan bogʻliq ulkan masʼuliyat mujassam.
Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, jamoada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni keng targʻib etish, xodimlarning maʼnaviy dunyoqarashi va fuqarolik masʼuliyatini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etgan xodimlarning mehnati alohida eʼtirof etildi.
Bugungi kunda davlat tashkilotlarida samaradorlik, nafaqat, kasbiy bilim va mehnat natijalari, balki jamoada sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish, xodimlarni bir maqsad atrofida birlashtirish, yuksak vatanparvarlik va daxldorlik tuygʻularini mustahkamlash bilan ham chambarchas bogʻliq.
Gʻaznachilik xizmati tizimida amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Turli maʼrifiy uchrashuvlar, kitobxonlik tadbirlari, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar xodimlarning kasbiy faoliyati bilan bir qatorda ularning maʼnaviy kamolotini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.
Taqdirlangan xodimlarning bu boradagi tashabbuskorligi va faolligi, avvalo, ularning oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashishi, jamoa hayotiga befarq boʻlmasligi va yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan mehnat qilayotganidan dalolat beradi.
Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi A. Xaydarov taʼkidlaganidek, bunday eʼtiroflar jamoa aʼzolarini yangi marralar sari undaydi, har bir xodimda oʻz kasbiga sadoqat, tashabbuskorlik va natijadorlikka intilish tuygʻusini yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga faol hissa qoʻshayotgan xodimlarning ragʻbatlantirilishi tizimda maʼnaviy muhitni yanada yuksaltirish, ijtimoiy faollikni qoʻllab-quvvatlash va ezgu tashabbuslarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik bayrami arafasidagi ushbu yuksak eʼtirof Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi jamoasida mehnat qilayotgan har bir xodim uchun ibrat va ragʻbat manbai boʻlib, tizimda fidoyilik, tashabbuskorlik va yuksak masʼuliyat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Taqdirlangan xodimlarni ushbu munosib eʼtirof bilan samimiy muborakbod etamiz! Ularning kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, yangi tashabbuslar va yuksak natijalar tilaymiz.
