G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida navbatdagi kitobxonlik tanlovi bo‘lib o‘tdi
2026-07-30 00:00:00 / Yangiliklar

G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida navbatdagi kitobxonlik tanlovi bo‘lib o‘tdi
“Bir oyda — bir kitob” loyihasi doirasida Abdurauf Fitratning “Oila” asari yuzasidan o‘tkazilgan tanlov tafsilotlari
Kitob inson tafakkurini charxlaydi, fikrlash doirasini kengaytiradi, voqea-hodisalarga xolis baho berish, puxta tahlil qilish hamda asosli qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Eng muhimi, mutolaa shaxsning ma’naviy olamini boyitib, unda mas’uliyat, halollik, vatanparvarlik va fidoyilik kabi yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptiradi. Shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida
Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi majlisi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishning asosiy kun tartibidan buyuk ma’rifatparvar, jadid adabiyotining yirik namoyandasi Abdurauf Fitratning “Oila” asari bo‘yicha tashkil etilgan kitobxonlik tanlovi yakunlarini sarhisob qilish hamda eng bilimdon va zukko ishtirokchilarni aniqlash masalasi o‘rin oldi.
Majlis davomida ta’kidlanganidek, kitobxonlik shunchaki ma’naviy tadbir yoki targ‘ibot vositasi emas. U zamonaviy davlat xizmatchisining tafakkuri, kasbiy axloqi, milliy qadriyatlarga sadoqati va ma’naviy kamolotini belgilovchi muhim hayotiy mezondir. Chunki xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilayotgan mutaxassisning dunyoqarashi qanchalik keng, tafakkuri qanchalik teran bo‘lsa, uning faoliyati ham shunchalik samarali va mas’uliyatli bo‘ladi. Kengash a’zolari bugungi kunda G‘aznachilikda rahbariyat tashabbusi bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan “Bir oyda — bir kitob” loyihasi xodimlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini mustahkamlash hamda “Ma’naviy indeks” ko‘rsatkichlarini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdilar. Mazkur loyiha doirasida o‘tkazilayotgan tanlovlar esa mutolaani jamoaning kundalik hayotiga singdirayotgan samarali tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Tanlovning hal qiluvchi bosqichi haqiqiy bilim va tafakkur maydoniga aylandi. Ishtirokchilar Abdurauf Fitratning “Oila” asarida ilgari surilgan g‘oyalar, oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, farzand tarbiyasi, milliy qadriyatlar, ma’naviy mas’uliyat hamda bugungi davr bilan hamohang xulosalar yuzasidan tuzilgan beshtadan murakkab savolga javob berdilar. Har bir javob, nafaqat, asar mazmunini qay darajada o‘zlashtirilganini, balki ishtirokchilarning tahliliy fikrlashi, mustaqil mushohada yuritishi va hayotiy qarashlarini ham namoyon etdi. Ayrim javoblar Abdurauf Fitrat merosining bugungi kun uchun ham naqadar dolzarb ekanini yana bir bor tasdiqladi. G‘aznachilik Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi aʼzolaridan tuzilgan Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning bilim va salohiyatini quyidagi mezonlar asosida xolis baholadi:
- asar mazmuni va muallif g‘oyalarining mohiyatini chuqur anglaganligi;
- milliy hamda oilaviy qadriyatlar asosida mustaqil, tahliliy va mantiqiy fikr yurita olishi;
- nutq madaniyati, fikrning ravonligi, dalillarning asoslanganligi va xulosalarning ta’sirchanligi.
Bahs-munozaralar, mantiqiy savol-javoblar va fikrlar to‘qnashuvi tanlovni qizg‘in bellashuv darajasiga olib chiqdi.
Tanlov yakunida hakamlar hay’atining xolis baholari hamda umumiy ballar yig‘indisiga ko‘ra eng bilimdon va zukko ishtirokchilar aniqlandi.
🥇 1-o‘rin — Raxmonqulov Abdurashid Xudoyberdiyevich
🥈 2-o‘rin — Karimova Ozoda Umaraliyevna
Yakuniy qarorga muvofiq, g‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va davlat organlarida mutolaani rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli hujjatlarida belgilangan tartib asosida moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantiriladigan bo‘ldi.
Mutolaa maydoni — bu faqat g‘oliblarni aniqlaydigan bellashuv emas. U o‘z ustida ishlash, yangi bilimlarni egallash, dunyoqarashni kengaytirish va komillik sari dadil qadam tashlash maktabidir. Har bir o‘qilgan kitob inson qalbini boyitadi, tafakkurini charxlaydi va uni ertangi kunning yanada yetuk mutaxassisi sifatida shakllantiradi. G‘olib bo‘lish — sharaf. Ammo kitobni do‘st tutish undan-da ulug‘ fazilatdir.
G‘oliblarni samimiy muborakbod etamiz! Kelgusi tanlovlarda ishtirok etadigan barcha xodimlarga ulkan muvaffaqiyatlar, yangi zafarlar va mutolaa zavqidan aslo ayrilmasliklarini tilaymiz.



