ISLOHOTLAR VA GʻAZNACHILIK: RAQAMLI DAVLAT SARI TIZIMLI QADAM
2026-07-27 00:00:00 / Yangiliklar

ISLOHOTLAR VA GʻAZNACHILIK: RAQAMLI DAVLAT SARI TIZIMLI QADAM
Bugun dunyoda davlatlar taraqqiyotini baholashda, nafaqat, iqtisodiy oʻsish surʼatlari yoki investitsiyalar hajmi, balki davlat boshqaruvining qanchalik ochiq, raqamli va samarali tashkil etilgani ham asosiy mezonlardan biriga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, raqamlashtirish – bu shunchaki yangi texnologiya emas, balki boshqaruv sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan vosita.
Bu vazifalar ijrosini taʼminlashda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi faoliyati ham takomillashib bormoqda.
Huquqiy asosga ega islohotlar
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim xususiyati shundaki, ular alohida sohalarni emas, balki davlat boshqaruvining butun tizimini yangilashga qaratilgan. Bu jarayonda davlat moliyasini boshqarish alohida oʻrin tutadi. Chunki har qanday islohotning muvaffaqiyati, avvalo, davlat mablagʻlarining qanchalik samarali va manzilli boshqarilishiga bogʻliq.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–105-son Farmonining qabul qilinishi mazkur sohada mutlaqo yangi bosqichni boshlab, strategik yondashuvning mantiqiy davomi boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Mazkur Farmonda Raqamli gʻaznachilik platformasini yaratish, elektron xizmatlarni kengaytirish, sunʼiy intellekt va Business Intelligence texnologiyalaridan foydalangan holda maʼlumotlarni tahlil qilish, likvidlikni taʼminlashda qisqa va uzoq muddatli prognozlarni ishlab chiqish va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida gʻaznachilik operatsiyalarini amalga oshirishda inson omilini kamaytirishga erishishni taʼminlash boʻyicha belgilab berilgan vazifalar davlat moliyasini boshqarishni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Eʼtiborli jihati shundaki, Prezidentimiz tomonidan olib borilgan oqilona islohotlar zamirida har bir raqamli yechim ortida inson manfaati, adolat va shaffoflik turishi lozimligini ustuvor tamoyil sifatida olib borilmoqda. Shu bois elektron chek tizimi, avtomatlashtirilgan moliyaviy nazorat yoki sunʼiy intellekt asosidagi tahlillardan koʻzlangan asosiy maqsad — texnologiyaning oʻzi emas, balki inson uchun qulay, tezkor va ishonchli davlat xizmatini yaratishdir.
Gʻaznachilik tizimida joriy etilayotgan islohotlarning yana bir muhim jihati shundaki, ular davlat moliyasiga nisbatan munosabatni ham oʻzgartirmoqda. Agar avval gʻaznachilik asosan toʻlovlarni amalga oshiruvchi mexanizm sifatida qaralgan boʻlsa, bugun u davlat mablagʻlarining harakatini tahlil qiladigan, xavflarni oldindan baholaydigan va strategik qarorlar qabul qilinishiga xizmat qiladigan intellektual boshqaruv markaziga aylanib bormoqda.
Bu oʻzgarishlarning zamirida “Iqtisodiy islohotlar inson qadri uchun” degan gʻoya mujassam. Chunki byudjet mablagʻlarining tejalishi — bu shunchaki moliyaviy koʻrsatkich emas. Bu — qoʻshimcha quriladigan maktab, zamonaviy shifoxona, taʼmirlanadigan yoʻl yoki aholi farovonligiga yoʻnaltiriladigan yangi imkoniyat demakdir. Demak, gʻaznachilikdagi har bir raqamli yangilik oʻzining yakuniy samarasini odamlar hayotida namoyon etadi.
Qogʻoz cheklar davri ortda qoldi
Yaqin yillargacha byudjet tashkilotlarida naqd mablagʻlarni olish jarayoni koʻplab qogʻoz hujjatlar, tasdiqlash bosqichlari va vaqt talab qiluvchi amallar bilan kechar edi. Har bir chekni rasmiylashtirish uchun xodimlar turli idoralarga qatnar, hujjatlar qoʻlda tekshirilar, maʼlumotlar bir necha marta qayta kiritilar edi. Bu esa ortiqcha vaqt sarfiga, inson omili taʼsiriga va qogʻozbozlikka sabab boʻlardi. Bugun esa vaziyat mutlaqo oʻzgardi.
2026-yildan boshlab byudjet tashkilotlari tomonidan naqd mablagʻlar uchun qogʻoz cheklar toʻliq bekor qilindi. Endilikda “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali elektron cheklar shakllantirilib, toʻgʻridan-toʻgʻri gʻaznachilik organlariga onlayn yuborilmoqda. Gʻaznachilik mutaxassislari hujjatlarni elektron shaklda koʻrib chiqadi. Tasdiqlangan maʼlumotlar avtomatik ravishda Markaziy bank orqali xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklariga yetkaziladi. Natijada ilgari bir necha soat, ayrim hollarda bir necha kun davom etgan jarayonlar bugun bir necha daqiqada bajarilmoqda.
Eng muhimi, inson omili sezilarli darajada qisqardi. Davlat xizmatining sifati esa yanada oshdi.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan mazkur tizimning birinchi samarasi — maʼmuriy xarajatlarning qisqarishidir. Qogʻoz, bosma mahsulotlar, arxivlashtirish, hujjatlarni tashish va saqlash bilan bogʻliq xarajatlar sezilarli darajada kamaydi. Davlat mablagʻlarining tejalishi esa byudjet resurslarini yanada samarali yoʻnaltirish imkonini bermoqda.
Ikkinchi muhim natija — mehnat unumdorligining oshishi. Ilgari texnik jarayonlarga sarflangan vaqt endilikda tahlil, moliyaviy nazorat va rejalashtirish kabi muhim vazifalarga yoʻnaltirilmoqda. Bu davlat moliyasini boshqarish sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Uchinchi jihat — shaffoflik va moliyaviy intizomning kuchayishi. Elektron cheklar har bir operatsiya boʻyicha raqamli maʼlumotlarni avtomatik tarzda qayd etadi. Bu esa mablagʻlar harakatini real vaqt rejimida kuzatish, moliyaviy xatolarning oldini olish va inson omili taʼsirini minimallashtirish imkonini yaratadi. Natijada davlat mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish darajasi yanada oshadi.
Toʻrtinchi muhim samara — korrupsiya xavfining pasayishi. Jarayonlarning avtomatlashtirilishi orqali ortiqcha qoʻl mehnati, subyektiv qaror qabul qilish holatlari va hujjatlarni sunʼiy kechiktirish ehtimoli keskin kamayadi. Bu esa davlat moliyasini boshqarishda ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini yanada mustahkamlaydi.
Elektron chek tizimining yana bir muhim afzalligi — maʼlumotlar integratsiyasidir. Gʻaznachilik, Markaziy bank, tijorat banklari va byudjet tashkilotlari oʻrtasidagi maʼlumot almashinuvi yagona raqamli muhit orqali amalga oshirilishi boshqaruv qarorlarini tezkor va ishonchli maʼlumotlar asosida qabul qilish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda dunyo tajribasi ham shuni koʻrsatmoqdaki, davlat moliyasini raqamlashtirish iqtisodiy oʻsishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda elektron chek tizimining joriy etilishi ham ana shu global tendensiyalarning amaliy ifodasi boʻlib, davlat moliyasida tezkorlik, tejamkorlik va samaradorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Shu maʼnoda, elektron chek — bu oddiy elektron hujjat emas. U davlat moliyasini boshqarishda yangi yondashuv, byudjet mablagʻlaridan foydalanishda ochiqlik va samaradorlikni taʼminlovchi muhim raqamli mexanizmdir. Bu tizim kelgusida sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar (Big Data) va prognoz tahlillari bilan uygʻunlashib, mamlakatimizda zamonaviy raqamli gʻaznachilik modelini shakllantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Sunʼiy intellekt va gʻaznachilik
Prezidentimizning 2025-yil 26-iyundagi PF–105-son Farmonida ham sunʼiy intellekt texnologiyalari, Business Intelligence vositalari va katta maʼlumotlar tahlilini davlat moliyasini boshqarish tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi belgilangani bejiz emas. Bu qarorlar gʻaznachilikni faqat toʻlovlarni amalga oshiruvchi institut emas, balki moliyaviy tahlil, prognoz va strategik boshqaruv markaziga aylantirishni koʻzda tutadi.
Yangi Oʻzbekistonda barpo etilayotgan raqamli davlat modelida sunʼiy intellekt – kelajak texnologiyasi emas, balki bugundan boshlangan taraqqiyot yoʻlidir. Gʻaznachilik tizimi esa ana shu yoʻlda davlat moliyasining intellektual boshqaruv markaziga aylanish sari dadil qadam tashlamoqda.
Raqamlar ortidagi masʼuliyat va qadriyat
Bugun raqamli texnologiyalar koʻplab jarayonlarni avtomatlashtirayotgan boʻlsa-da, tizimning “yuragi” baribir inson boʻlib qolmoqda va mana shu tizimlar inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Gʻaznachilikda joriy etilayotgan raqamli yechimlar, elektron cheklar, sunʼiy intellekt va intellektual tahlil vositalari — bularning barchasi yagona maqsadga xizmat qilmoqda, yaʼni xalq mablagʻlarini xalq manfaati uchun yanada samarali boshqarish.
Vaqt oʻtadi. Texnologiyalar yangilanadi. Dasturlar almashadi. Ammo davlat xizmatiga xos eng yuksak qadriyatlar — halollik, masʼuliyat, adolat va Vatanga sadoqat oʻzgarmaydi. Gʻaznachilik tizimining ham eng katta qadriyatlari aynan shudir va unga tayanadi.
Qogʻozning shovqini tarix sahifalarida qolmoqda. Endi davlat moliyasi raqamlar tilida boshqarilmoqda. Ammo bu raqamlarning eng katta qiymati ular ortida turgan xalq ishonchidadir. Ana shu ishonchni oqlash esa Yangi Oʻzbekiston gʻaznachilik tizimining buguni ham, ertasi ham, eng ulugʻ maqsadi boʻlib qolaveradi.
