Mazmunli hordiq — samarali mehnat asosi
2026-07-15 07:40:00 / Yangiliklar
Inson qadrini ulugʻlash, xodimlarning ijtimoiy himoyasi va sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shu ezgu tamoyillar asosida Gʻaznachilik xizmati xodimlari uchun “Livingston” dam olish maskaniga madaniy-maʼrifiy hordiq tashkil etildi.
Mazkur sayohatdan koʻzlangan asosiy maqsad xodimlarning mazmunli hordiq chiqarishi, jismoniy va ruhiy tiklanishi, jamoada oʻzaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash hamda xizmat faoliyatiga yangi kuch va yuqori kayfiyat bilan qaytishlari uchun qulay sharoit yaratishdan iborat boʻldi.
Tabiatning musaffo bagʻrida oʻtgan sayohat davomida xodimlar betakror tabiat manzaralaridan bahramand boʻlish bilan birga, samimiy muloqotlar, oʻzaro fikr va tajriba almashish, birgalikda oʻtkazilgan mazmunli vaqt jamoadagi ahillik, ishonch va oʻzaro hurmat muhitini yanada mustahkamladi. Bu kabi samimiy uchrashuvlar xodimlarning bir-birini yaqindan anglashi, jamoaviy ruhni kuchaytirishi va korporativ madaniyatni yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ayni haqiqat.
Bugungi kunda Gʻaznachilik xizmati qo‘mitasida xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish hamda mazmunli dam olishini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa xizmat faoliyati sifatini yanada oshirish, davlat moliyasi tizimida masʼuliyat va samaradorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
