G‘aznachilik tizimida chet el valyutasidagi to‘lov operatsiyalari to‘liq raqamlashtirildi hamda Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi SWIFT xalqaro to‘lov tizimi bilan integratsiya qilindi
2026-07-07 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda G‘aznachilik tizimida elektronlash qanday amalga oshirildi?
2025-yil 26-iyundagi PF–105-son Farmoni ijrosi doirasida g‘aznachilik tizimida chet el valyutasidagi to‘lov operatsiyalari to‘liq raqamlashtirildi hamda Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi SWIFT xalqaro to‘lov tizimi bilan integratsiya qilindi.
Bugungi kunda budjet tashkilotlari valyuta to‘lov hujjatlarini UzASBO dasturida elektron shaklda rasmiylashtiradi. Shakllantirilgan hujjatlar Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimi orqali avtomatik qayta ishlanib, Markaziy bank orqali SWIFT tizimiga uzatiladi va qisqa muddatda ijroga qabul qilinadi.
Mazkur integratsiya to‘lov operatsiyalarini real vaqt rejimida kuzatish, ularning ijro holatini nazorat qilish hamda moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha tezkor va ishonchli axborot olish imkonini yaratdi. Natijada qog‘oz hujjatlar aylanishi sezilarli darajada qisqardi, inson omili ta’siri kamaydi, to‘lov jarayonlarining shaffofligi va samaradorligi oshirildi.
SWIFT tizimi bilan integratsiya xalqaro to‘lovlarni tezkor va xavfsiz amalga oshirish, budjet mablag‘larini boshqarish samaradorligini oshirish hamda g‘aznachilik tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
