2-iyul — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun
2026-07-02 00:00:00 / Yangiliklar

Har bir mustaqil davlatning o‘z suverenitetini, milliy qadriyatlarini va tarixiy an’analarini ifoda etuvchi muqaddas davlat ramzlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi ana shunday ramzlardan biri bo‘lib, xalqimizning boy tarixi, milliy o‘zligi, tinchlik va farovonlikka intilishini o‘zida mujassam etgan.
1992-yil 2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, mamlakatimizning Davlat gerbi rasman tasdiqlandi. Ushbu tarixiy hujjat mustaqil O‘zbekiston davlat ramzlarini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Davlat gerbining huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilangan. Mazkur Qonunga muvofiq, Davlat gerbi davlat suverenitetining rasmiy ramzi hisoblanadi hamda undan foydalanish tartibi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Davlat gerbi chuqur ramziy ma’noga ega. Gerb markazida baxt va erksevarlik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasvirlangan. Uning qanotlari ostida O‘zbekistonning go‘zal tabiati — quyosh nurlari, tog‘lar, daryolar va serhosil vodiylar aks ettirilgan.
Gerbning chap tomonini bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomonini esa g‘o‘za shoxlari bezab turadi. Ular xalqimizning mehnatsevarligi, farovonligi va yurtimizning agrar salohiyatini ifodalaydi. Gerb yuqori qismida sakkiz qirrali yulduz, uning ichida esa yarim oy va yulduz tasvirlangan bo‘lib, ular xalqimizning tarixiy-madaniy merosi, ezgulik va ma’naviy qadriyatlarini anglatadi.
Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i ranglaridagi lenta tasvirlanib, unda “O‘zbekiston” so‘zi bitilgan. Ushbu element xalqimizning birlik va hamjihatligini, Vatanga bo‘lgan sadoqatini ifoda etadi.
Bugungi kunda Davlat gerbi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar, diplomatik vakolatxonalar hamda boshqa rasmiy muassasalarning ajralmas ramzi sifatida qo‘llanilib, mamlakatimizning suvereniteti va davlat hokimiyati timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi jamoasi Davlat gerbi qabul qilingan sana munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etadi.
Davlatimiz ramzlariga yuksak hurmat, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat, yurtimizda tinchlik, barqarorlik va farovonlik doimo bardavom bo‘lishini tilaymiz. Davlat gerbimiz xalqimizning birdamligi, mustaqilligi va buyuk kelajagining mangu timsoli bo‘lib qolaveradi.
