30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi
2026-06-28 12:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 26-iyun kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda davlat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan islohotlar va tashabbuslar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirni G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Abdulaxadovich Xaydarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli mutaxassislar sifatida tarbiyalash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Abdullayevich Ayupov o‘z ma’ruzasida matematika va iqtisodiyotning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, raqamli transformatsiya jarayonlarida aniq fanlarning tutgan o‘rni hamda yosh mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashining dolzarbligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u o‘zining ko‘p yillik ilmiy va kasbiy faoliyati davomida orttirgan boy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, matematika va iqtisodiyot sohasidagi faoliyati bilan bog‘liq hayotiy misollar hamda qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi. Professor yoshlarga ilm-fanga intilish, tinimsiz izlanish, tanlagan kasbiga sadoqat bilan yondashish va zamonaviy bilimlarni muntazam egallab borish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi maslahatchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Obiddin Abbosovich Maxmudov yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ma’naviyat, kitobxonlik madaniyati, Vatanga sadoqat hamda milliy qadriyatlarning yoshlar hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Suhbat davomida u ishtirokchilarga turli savollar bilan murojaat qildi. Savollarga faol va to‘g‘ri javob bergan yoshlar kitoblar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktorining raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yusupxo‘jayev Hasanxon Alisher o‘g‘li mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, yoshlarning tashabbuslari, innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z so‘zida yoshlarni o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirishda faol bo‘lishga chaqirib, o‘zining innovatsion g‘oyalari va startaplari bilan Yoshlar ishlari agentligiga murojaat qilgan tashabbuskor yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularga zarur maslahat va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi hamda dasturga ko‘ra kunning ikkinchi yarmida esa yosh xodimlar o‘rtasida badminton, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalar qizg‘in va murosasiz bahslar ostida kechib, ishtirokchilarning jamoaviy ruhini, sportga bo‘lgan qiziqishini va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbirning ikkinchi kunida Raqamli texnologiyalar vazirligidan mas’ul vakil tashrif buyurib, yoshlar uchun sun’iy intellekt mavzusida taqdimot taqdim etdi. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt istiqbollari va imkoniyatlari borasida qizqin savol-javoblarga boy bo‘lgan mazkur muloqot ishtirokchilar uchun manfaatli bo‘ldi.
Tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Muloqot jarayonida rahbar yosh xodimlarning xizmat faoliyati davomida duch kelayotgan muammo va takliflari bilan yaqindan tanishib, ularni diqqat bilan tingladi hamda mavjud masalalar yuzasidan o‘zining qimmatli tavsiya va maslahatlarini berdi.
Shuningdek, yoshlarni doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga, bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishga, kasbiy rivojlanish yo‘lida izlanishga hamda zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni egallashga undadi. Yosh xodimlarni tashabbuskor bo‘lishga, o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishga va mavjud salohiyatini to‘liq namoyon etishga chaqirdi.
Ochiq muloqot samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, yoshlar uchun muhim motivatsion ahamiyat kasb etdi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini boyitish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif ham tashkil etildi.
Tadbir yakunida barcha yosh xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi, sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar esa tantanali ravishda taqdirlandi.
“Uch avlod uchrashuvi”, nafaqat, ma’naviy-ma’rifiy tadbir, balki o‘tmish tajribasi, bugungi bunyodkorlik ishlari va kelajak taraqqiyotini o‘zaro bog‘lovchi muhim muloqot maydonidir.
Bunday uchrashuvlar tajribali ustozlar va yoshlar o‘rtasida bilim hamda hayotiy tajriba almashinuvini mustahkamlab, yoshlarda ilm-fanga intilish, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak ma’naviy fazilatlarni yanada qaror toptirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar yosh avlodni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga ruhlantirib, ularning tashabbuskorligi, mas’uliyati va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.









