GA‘ZNACHILIK TIZIMIDA KITOBXONLIK MUHITINI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA YANGI TASHABBUS
2026-06-17 00:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan Milliy kitobxonlik harakati hamda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida qo‘mitada yangi kutubxona —“Kitob burchagi” tashkil etildi.
Mazkur tashabbus “Men farzandimga kitob sovg‘a qilaman!” va “Men jamoamga kitob sovg‘a qilaman!” shiorlari ostida o‘tkazilgan xayriya kitob aksiyasi natijasida hayotga tatbiq etildi. Aksiya davomida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi A. Haydarov boshchiligida barcha xodimlar faol ishtirok etib, kutubxona fondini boyitish maqsadida ko‘plab badiiy, ilmiy-ommabop, tarixiy hamda ma’naviy-ma’rifiy adabiyotlarni sovg‘a qildilar. Jamoaning ushbu ezgu tashabbusga yuqori mas’uliyat va katta qiziqish bilan yondashgani natijasida qisqa muddatda salmoqli kitob fondi shakllantirildi.
Kutubxona jamoada kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, xodimlarning intellektual salohiyatini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini boyitish hamda yosh avlod qalbida kitobga muhabbat uyg‘otishga xizmat qiladi. Kutubxona faoliyatini raqamlashtirish va xodimlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida maxsus Telegram-bot — @gazna_kutubxonasi_bot joriy etildi. Mazkur bot orqali xodimlar kutubxona fondidagi mavjud kitoblar ro‘yxati bilan tanishish, kerakli adabiyotlarni izlash, shuningdek, kitoblarni olish va qaytarish jarayonlarini elektron tarzda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega. Bu esa kutubxona fondidan samarali foydalanish, kitoblar harakatining hisobini yuritish hamda kutubxona xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, kitob inson tafakkurini yuksaltiruvchi, ma’naviyatini boyituvchi va kelajakka yo‘l ko‘rsatuvchi bebaho manbadir. Shu bois, xayriya aksiyasiga qo‘shilgan har bir kitob nafaqat kutubxona fondining boyishiga, balki kitobxonlik muhitining yanada mustahkamlanishiga munosib hissa bo‘ldi.
G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida tashkil etilgan ushbu kutubxona xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, mutolaa madaniyatini keng targ‘ib qilish va ma’rifatga intiluvchi jamoani shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Kelgusida ham kutubxona fondini yangi adabiyotlar bilan boyitish, kitob taqdimotlari, mutolaa tadbirlari va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘mita tarkibiy bo‘linmalarida “Kitob burchaklari” tashkil etish, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati”ni yo‘lga qo‘yish, kitobxonlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida ichki reyting tizimini joriy etish hamda tanlov asosida eng ko‘p kitob mutolaa qilgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirib borish ko‘zda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar jamoada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa muhitini mustahkamlash va xodimlarning intellektual salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.









