5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
2026-06-05 09:45:00 / Yangiliklar

Har yili 5-iyun sanasida dunyo hamjamiyati Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlaydi. Ushbu sana inson farovonligi va iqtisodiy taraqqiyot tabiat holati bilan chambarchas bog‘liq ekanligini yana bir bor eslatadi.
Bugungi kunda tabiatni asrash, nafaqat, ekologik, balki iqtisodiy dolzarb vazifaga ham aylangan. Toza havo, sifatli suv, unumdor yerlar va boy biologik xilma-xillik qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm hamda aholi salomatligining asosiy omillaridan hisoblanadi. Atrof-muhitga yetkazilgan zarar kelajakda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi. Shu sababli, ekologiyaga yo‘naltirilgan har bir investitsiya aslida mamlakatning kelajak taraqqiyotiga qilingan sarmoyadir.
Ma’lumingizki, 2025-yil O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Bu esa ekologik xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish bir-biridan ajralmas tushunchalar ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda ekologiyani muhofaza qilish, Orolbo‘yi hududini tiklash, ko‘kalamzorlashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha milliardlab so‘mlik loyihalar amalga oshirildi.
Joriy yilda 4-iyun kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Global ekologik jamg‘arma Assambleyasining 8-yalpi majlisida Davlatimiz rahbari bugungi kunda insoniyat iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning kamayishi va atrof-muhit ifloslanishi kabi jiddiy ekologik tahdidlarga duch kelayotganini ta’kidlab o‘tdilar. Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston ekologik transformatsiyani yangi taraqqiyot modeli sifatida ko‘rayotganini qayd etib, atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish hamda ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan beshta milliy loyiha amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini respublika hududining 21 foizigacha kengaytirish, havoga zararli tashlamalarni kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni har birimizga muhim haqiqatni eslatadi: ekologik barqarorlik iqtisodiy taraqqiyotning asosiy shartidir. Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar hisob-kitoblariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi hamda tabiiy resurslar tanqisligi kelgusi o‘n yilliklarda mamlakatlar iqtisodiyotiga milliardlab dollar zarar yetkazishi mumkin. Aksincha, yashil iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar yangi ish o‘rinlari yaratish, energiya samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanish orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Suv resurslarini asrash, yerlar unumdorligini saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ko‘kalamzorlashtirish loyihalari mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligini mustahkamlaydi. Bugungi kunda ekologiyaga yo‘naltirilgan har bir sarmoya ertangi iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligi va milliy taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir.
Tabiatni asrash — bu shunchaki ekologik majburiyat emas, balki O‘zbekistonning iqtisodiy kelajagiga kiritilayotgan eng samarali investitsiyadir.
