1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni!
2026-06-01 09:15:00 / Yangiliklar

Bolalar — har bir xalqning eng katta boyligi, millatning davomchilari va Vatan kelajagining ishonchli poydevoridir. Ularning beg‘ubor kulgusi hayotimizga quvonch baxsh etsa, ezgu orzu-intilishlari ertangi kunimizni yanada yorqin qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 14 milliondan ortiq bolalar yashamoqda. Har kuni yurtimizda 2,5 mingdan ortiq chaqaloq dunyoga kelib, oilalarga quvonch, jamiyatimizga esa yangi umid va katta orzular olib kiradi.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil 1-yanvar holatiga yurtimizda 0–14 yoshdagi jami bolalar soni 11 630 879 nafarni tashkil etgan.
Shundan:
Oʻgʻil bolalar – 6 030 736 nafar
Qiz bolalar – 5 600 143 nafar
Bu esa O‘zbekistonning yosh, navqiron va kelajakka ishonch bilan intilayotgan davlat ekanining yorqin ifodasidir.O‘zbekiston — yoshlar davlati. Shu bois mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom, bilimli va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Farzandlarimizning baxtli va munosib hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish — bizning eng ustuvor vazifamizdir.”
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning markazida inson qadri va eng avvalo, bolalarning manfaatlari turadi. Chunki bugun katta orzular bilan ulg‘ayayotgan har bir bola ertaga mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqiga xizmat qiladigan yetuk avlod vakiliga aylanadi.
Bugungi kunda bolalarga qaratilayotgan e’tibor — ularning baxtli hayoti va porloq kelajagi uchun yaratilayotgan mustahkam zamindir. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘lig‘i va baxtli hayoti uchun yaratilayotgan har bir imkoniyat Yangi O‘zbekistonning yanada qudratli va taraqqiy etgan davlat bo‘lishiga xizmat qiladi.
Aziz bolajonlar!
Sizlarni 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz! Hayotingiz quvonch va baxtga, qalbingiz mehr va ezgulikka to‘lsin. Orzularingiz ulkan, maqsadlaringiz yuksak bo‘lsin. Har doim ota-onangizning quvonchi, ustozlaringizning faxri va Vatanimizning munosib farzandlari bo‘lib ulg‘aying!
Bolalar kulgusi yangragan yurtning kelajagi porloq bo‘ladi! Bayramingiz muborak bo‘lsin!
