Koreya fiskal axborot xizmati delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi
2026-05-21 00:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda Koreya Fiskal Axborot Xizmati (KFIS) o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Koreya delegatsiyasi Toshkent shahriga tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga Koreya Fiskal Axborot xizmati prezidenti Yoon Seokho boshchilik qilmoqda. Delegatsiya tarkibidan KFIS Prezident idorasi bosh kotibi Lee Xyonyoung, xalqaro hamkorlik bo‘limi katta menejeri Kim Cheolhyun hamda ilmiy xodim Woo Sanghi o‘rin olgan.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Haydarov, vazirlik xodimlari hamda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, davlat moliyasini boshqarish tizimlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda davlat moliyasini boshqarish tizimlarini raqamlashtirish, mavjud axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, integratsiyalashgan davlat moliyasini boshqarish axborot tizimini shakllantirish hamda Koreya tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi, xususan dBrain+ tizimi, e-Naradoum platformasi, fiskal ma’lumotlarni tahlil qilish va davlat moliyasini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, Koreya tomoni tomonidan davlat moliyasini boshqarish axborot tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha yuqori malakali ekspert jalb etilishi masalasi muhokama qilindi. Mazkur ekspert mavjud tizimlarni kompleks tahlil qilish, yangi integratsiyalashgan tizim uchun amaliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili imkoniyatlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berishi rejalashtirilmoqda.
Tomonlar mazkur hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, davlat moliyasini boshqarish tizimida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish va budjet jarayonlari samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, tomonlar kelgusida o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish, ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish hamda davlat moliyasini boshqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Koreya Fiskal Axborot xizmati delegatsiyasining tashrifi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada shaffof, integratsiyalashgan va samarali tashkil etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi qayd etildi.




