Xalqaro oila kuni munosabati bilan yosh oilalar e’tirof etildi
2026-05-15 09:00:00 / Yangiliklar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentabrdagi qaroriga muvofiq, har yili 15-may sanasi butun dunyoda Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana mamlakatimizda ham yuksak e’tibor va katta ehtirom bilan qarshi olinib, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom va barqaror oilaviy muhitni shakllantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida Xalqaro oila kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha bosh mutaxassis A. Xoliqov so‘zga chiqib, taqdirlanayotgan yosh xodimlar — R. Sayfullayev, M. Anvarov, A. Chorshanbiyev, J. Xasanov hamda X. Kamolovlarning yorqin faoliyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. U har bir yosh mutaxassisning davlat xizmatidagi mas’uliyatli yondashuvi, kasbiy salohiyati, tashabbuskorligi va jamoa orasidagi obro‘-e’tiboriga alohida urg‘u berdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu xodimlar o‘zlarining fidokorona mehnati, zamonaviy bilim va ko‘nikmalari, yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado etayotgani bilan jamoada munosib o‘rin egallab kelmoqda. Tadbirda so‘z olgan G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N. Jo‘rayev ham bu borada alohida to‘xtalib o‘tib, bugungi kunda yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. U o‘z nutqida mustahkam oila inson hayotidagi eng katta tayanch, fidoyi va mas’uliyatli kadrlar esa davlat xizmatining eng muhim boyligi ekanini qayd etib, yoshlarning nafaqat xizmat faoliyatida, balki oilaviy hayotda ham o‘rnak bo‘layotgani tahsinga sazovor ekanini bildirib, taqdirlangan xodimlarga esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.
Bugungi kunda ushbu yosh mutaxassislar mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, davlat moliyaviy tizimini yanada takomillashtirish hamda budjet mablag‘larining shaffof va samarali yuritilishida munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ularning kasbiy salohiyati, zamonaviy bilim va yondashuvlari davlat xizmatining samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yosh oilalar vakillarining davlat xizmatidagi faolligi, yurt ravnaqi va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani, oilaviy mas’uliyat bilan bir qatorda Vatan oldidagi burchiga ham sadoqat bilan yondashayotgani e’tirof etildi.
Tadbir davomida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tizimi Faxriylar kengashi a’zosi O. Namurodov hamda Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodim G. Yusupalixodjaevalar ham oila — jamiyatning mustahkam tayanchi, ma’naviyat va tarbiya maskani ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Ayniqsa, bugungi kunda yangi shakllanayotgan yosh oilalarning jamiyatdagi o‘rni beqiyos bo‘lib, ularning barqarorligi kelajak avlod kamolotining muhim omili hisoblanishi qayd etildi.
Shuningdek, davlat xizmatchisining oiladagi o‘rni, oilaviy muhitning inson mas’uliyati va fidoyiligiga ta’siri, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritilib, yosh oilalarga o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va mas’uliyat asosida mustahkam oila qurish borasida samimiy maslahat va tavsiyalar berildi. Yangi hayot boshlagan yosh mutaxassislarning nafaqat oilada, balki davlat va jamiyat taraqqiyotida ham munosib hissa qo‘shayotgani alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida mustahkam oila — barqaror jamiyat tayanchi ekani, ma’naviy yetuk, mas’uliyatli va fidoyi yoshlar esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim kuchi hisoblanishi alohida qayd etildi.
“Oila muqaddas” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbir samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tib, oilaviy qadriyatlarni yanada mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.






