Toshkent shahrida Bojxona omborlarida sanoat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi
2025-10-27 14:00:00 / Yangiliklar

Seminar davomida hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan omborxonalarda saqlanayotgan yonuvchan va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish va ulardan foydalanish jarayonida amal qilinishi lozim bo‘lgan texnik reglamentlar, me’yoriy hujjatlar va xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xodimlarga ishlab chiqarish jarayonida avariya va yong‘inlarning oldini olish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, nazorat-o‘lchov asbob-uskunalarini muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek ishlab chiqarish jarayonida favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Hududiy boshqarma vakillari ta’kidlaganidek, hozirda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan ayrim bojxona omborlari “ekotizim.cirns.uz” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan. Shu sababli, mazkur obyektlarda xavfsizlik darajasini baholash va qonunchilik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Qo‘mita mutasaddilari qayd etishicha, “ekotizim.cirns.uz” tizimiga kiritilmagan bojxona omborlari “xavfni tahlil qilish” mexanizmi asosida tekshirish doirasiga kiritiladi. Ushbu jarayon orqali har bir obyektning texnik holati, xavfsizlik infratuzilmasi, yong‘inga qarshi tizimlarining holati hamda kimyoviy moddalarni saqlash tartibi kompleks tarzda o‘rganiladi.
Mazkur seminar davomida tadbirkorlarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, sanoat xavfsizligi madaniyatini oshirish hamda tegishli axborot tizimlarida o‘z faoliyatlarini qonuniylashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Shu kabi tushuntirish ishlari kelgusida ham tizimli ravishda davom ettiriladi.



