QUYOSH PANELLARI QANCHA FOYDA KELTIRADI
2025-10-15 20:00:00 / Yangiliklar

Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislarining baholashicha, quyosh energiyasi salohiyati taxminan 51 milliard tonna neftь ekvivalentini tashkil etadi. Uni amalga oshirish uchun mamlakatimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga kirishdi. Bu nafaqat quyosh, balki shamol, suv oqimlari, biogaz qurilmalari va boshqalar yordamida olingan energiyadir.O‘zbekistonda quyosh panellarini joriy etish va ulardan foydalanish maqsadida mamlakatimiz aholisi va tadbirkorlarni imtiyozlar va subsidiyalar berish orqali rag‘batlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Bu boradagi birinchi qadam Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi. Ushbu hujjatga ko‘ra, quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari besh yil davomida barcha turdagi soliqlardan ozod qilindi. Bundan tashqari, ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilgan.
