AES QURILIShINING 1-BOSQICHI BOSHLANDI
2025-10-10 17:20:00 / Yangiliklar

Ushbu keng ko‘lamli loyiha O‘zbekistonning energetika mustaqilligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilganligi ta’kidlandi. Jurnalistlar quyidagi asosiy obektlar- vertikal tekislash ishlari yakunlangan va ish hujjatlarini yuritish uchun 27 ta sinov-tadqiqot qudug‘i burg‘ilangan birinchi reaktor qurilmasi uchun kotlovan, 11 ta obektdan iborat qurilish-montaj bazasi, shu jumladan 250 m3/soat hajmdagi ikkita beton qorishtirish uzeli va Xitoy qurilmalari bilan jihozlangan armatura sexi, 1500 kishiga mo‘ljallangan vaxta shaharchasi, 10 ta konteyner bloki va qurilayotgan oshxona bilan batafsil tanishdilar. Ma’lumotlarga ko‘ra maydonga 308 nafar mutaxassis va 177 ta texnika, jumladan, 70 tonnalik 10 ta samosval jalb qilingan. Muhim eslatma: 2025-yil noyabriga qadar ishchilarning 70 foizini o‘zbekistonlik mutaxassislar tashkil etadi va Forishda atom sanoati kadrlarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kombinati ochiladi. "AES qurilishi direksiyasi" DK direktori Abdijamil Kalmuratovning ta’kidlashicha: "KQAES loyihasi energetik mustaqillik va iqtisodiy o‘sish sari qo‘yilgan qadamdir. Biz Prezident tomonidan tasdiqlangan jadvalga amal qilib, 2026-yil mart oyida "birinchi beton" quyishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz hamda eng yuqori sifat va xavfsizlik standartlarini ta’minlamoqdamiz."
“KQAES qurilishi nafaqat energetika muammolarini hal qiladi, balki mintaqa uchun ayniqsa muhim bo‘lgan ekologik jihatlarni ham inobatga oladi. Loyiha atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadigan ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda va mutaxassislarning qat’iy nazorati ostida amalga oshirilmoqda”-deyiladi “O‘zatom” xabarida.



