YADRO XAVFSIZLIGIDA TARTIBGA SOLISh MASALALARINI KO‘RIB CHIQISH BO‘YICHA KOMPLEKS XIZMATLAR - IRRS
2025-09-29 16:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda AEXA ekspertlari Xilari Mansua va Jan-Rene Juben hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ekologiya, Qurilish, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi, vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, “O‘zatom” agentligi mutaxassislari ishtirok etdilar. Qo‘mita raisi o‘rinbosari S.Yakubekov tadbirni ochar ekan, u o‘z chiqishida mazkur missiyaning O‘zbekiston Respublikasida radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish infratuzilmasini rivojlantirish dolzarbligi, asosiy missiyani o‘tkazishga safarbar qilinadigan tashkilotlarning mas’uliyati haqida nutq so‘zladi. Shu bilan birga, AEXA eksperti X.Mansua missiyani o‘tkazish uchun AEXA tomonidan jalb qilinadigan ekspert ko‘magi va missiya natijalari bo‘yicha beriladigan takliflar O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladigan o‘z-o‘zini baholash hisobotiga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari bilan tanishuv jarayonida ishtirok etayotgan vazirlik va idoralarning missiyadagi vazifalari ham muhokama qilindi. So‘ngra Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti bosh mutaxassisi A.Ashirmetov tomonidan O‘zbekistondagi tartibga solish infratuzilmasi, IRRS missiyasi qamrovi va ishtirokchi tashkilotlar mavzusidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda O‘zbekistondagi mavjud qonunchilik va institutsional asoslar, radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solishda ishtirok etuvchi davlat organlarining roli, vazifa va funksiyalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mavjud infratuzilmani takomillashtirish zarurati ta’kidlandi. AEXA eksperti X.Mansua davlatlarda radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish infratuzilmasini yaratishda Xalqaro Agentlikning qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan standartlari bilan tanishtirdi. Jumladan, o‘z-o‘zini baholash hisobotini tayyorlashda hamda IRRS asosiy missiyasini o‘tkazishda AEXAning xavfsizlik standarti bo‘lgan “Xavfsizlikni ta’minlashning davlat, huquqiy va tartibga solish asoslari” (Governmental, Legal and Regulatory Framework for Safety, GSR Part-1) hujjatida keltirilgan talablarning qay darajada joriy qilinganligiga baho berilishi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro xavfsizlik standartlari tuzilishi va maqsadlari, ularda keltirib o‘tilgan davlat majburiyatlari va ijro mexanizmlari haqida tushunchalar berildi. O‘zbekistonning milliy qonunchiligi AEXA standartlari bilan uyg‘unlashtirilishi zarurligi qayd etildi. Ishtirokchilar hisobot eshituvi va tahlili 2025 yilning 30-sentabriga qadar davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida. Kompleks tartibga solish xizmatlari taqdim etilayotgan davlatlarga yadroviy va radiatsion xavfsizlik, radioaktiv chiqindilar xavfsizligi va transport xavfsizligi sohasidagi tartibga soluvchi infratuzilmani kuchaytirish va samaradorligini oshirishga yordam beradi. Ushbu xizmatlar doirasida har qanday davlatda xavfsizlikni tartibga solishni ta’minlash va infratuzilmasining milliy huquqiy va davlat asoslarining umumiy jihatlarini ko‘rib chiqishda kompleks yondashuv qo‘llaniladi. IRRS bo‘yicha tartibga solish jarayoni tartibga solishning texnik va dasturiy jihatlarini mustaqil ravishda ko‘rib chiqishni ta’minlaydi va ionlashtiruvchi nurlanishdan foydalanish yoki yadro dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyatining rivojlanish darajasidan qat’i nazar, har qanday davlat uchun mos keladi. IRRS missiyalari davomida mamlakatda mavjud bo‘lgan xavfsizlikni tartibga soluvchi infratuzilma AEXA xavfsizlik standartlariga muvofiqligi baholanadi. Baholash guruhlari o‘zlarining xulosalarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar va takliflarni o‘z ichiga olgan hisobotlarda umumlashtiradilar va boshqa joylarda xavfsizlikni kuchaytirish uchun moslashtirilishi mumkin bo‘lgan yaxshi amaliyotlarga misollar keltiradilar. Missiya hisobotlari yadroviy xavfsizlik, radiatsion xavfsizlik, radioaktiv chiqindilar xavfsizligi va transport xavfsizligi sohalarida tartibga solish nazorati qanchalik samarali ekanligini ko‘rsatadi va uni yanada takomillashtirish uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligini ko‘rsatadi. IRRS missiyasini tashkil qilishni so‘ragan davlatlar birinchi navbatda AEXA tomonidan ishlab chiqilgan vositalar va metodologiyadan foydalangan holda o‘z-o‘zini baholash shaklida trening o‘tkazadilar. Tayyorgarlik jarayonida AEXA va mezbon mamlakat yig‘ilish tashkil qiladi, unda missiyaning vazifalari doirasi kelishib olinadi, shu jumladan qaysi tartibga solinadigan qurilmalar va tadbirlar ekspertiza mavzusi bo‘lishi aniqlanadi. IRRS missiyalarini qabul qiladigan davlatlarga dastlabki missiyadan keyin to‘rt yildan kechiktirmay keyingi missiyani o‘tkazish tavsiya etiladi, uning maqsadi taklif va tavsiyalarning bajarilishini baholashdir. IRRS missiyalari davomida mezbon tomon va mutaxassislar professional tajriba almashishlari mumkin. IRRS guruhi a’zolari, o‘z sohalari bo‘yicha mutaxassislar a’zo davlatlarga yuboriladi hamda ular o‘z mamlakatlarida o‘tkazilgan missiyalar tajribasidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.





