O‘ZBEKISTON 3 ta XALQARO KONVENSIYAGA QO‘SHILDI
2025-09-17 14:00:00 / Yangiliklar
2025-yilning 15-19-sentabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligining 69-Bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi 2025 yilda qo‘shilgan 3 ta Konvensiya bo‘yicha hujjatlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov Xalqaro atom energiyasi bo‘yicha agentlik direktori Rafael Grossiga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro konvensiyalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjatlarni saqlash uchun topshirdi. O‘z navbatida R.Grossi 2024 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuvi davomida mazkur konvensiyalarga qo‘shilish yuzasidan kelishuvlar tez orada amalga oshganini ta’kidlab, buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi.


