“PROPAN ZAPRAVKA”larda sanoat xavfsizligi muhokama qilindi
2025-08-21 16:00:00 / Yangiliklar
2025-yil 20-avgust kuni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining Sirdaryo hududiy bo‘limi manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda Oqoltin tumani Shodlik MFY hududida joylashgan gaz tarqatish punktida “Suyultirilgan uglevodorod gazini to‘kishda xavfsizlik masalalari” mavzusida kengaytirilgan ko‘rgazmali o‘quv-seminar tashkil etdi.

Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari, gaz to‘ldirish punktlari va stansiyalarining rahbar hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Ularga sodir bo‘lgan favqulodda holatlar, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar maxsus videoroliklar orqali namoyish qilindi.
Seminar davomida ishtirokchilarga suyultirilgan gazni to‘kish jarayonida xavfsizlik qoidalari bevosita joyida amaliy tarzda ko‘rsatildi. Shuningdek, sanoat xavfsizligi, texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Yakunda taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilib, tezkor guruh tomonidan favqulodda vaziyat ko‘rgazmali tarzda bartaraf etildi.




