MUOMALADAN CHIQARILGAN RADIOAKTIV MANBALARNI BOSHQARISH
2025-06-12 14:00:00 / Yangiliklar
2025-yil 9–13-iyun kunlari Avstriyaning Vena shahrida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) tashabbusi bilan “Muomaladan chiqarilgan radioaktiv manbalarni boshqarish bo‘yicha qo‘llanmaning bajarilishi yuzasidan davlatlar o‘rtasida ma’lumot almashish” masalasiga bag‘ishlangan ochiq tarkibdagi texnik va yuridik ekspertlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda Sanoat, radiasia va yadro xavfsizligi q’mitasi Radiasiya va yadro xavfsizligi departamenti mas’ul xodimlari A.Muxamedjanov va D.Muxamedovlar mamlakatda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, milliy huquqiy asoslar va mavjud imkoniyatlarni milliy prezentatsiya orqali taqdim etmoqda.

Tadbirda Xalqaro atom energiyasi agentligiga a’zo davlatlar vakillari, sohaga oid xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etmoqda. Yig‘ilishning asosiy maqsadi – muomaladan chiqarilgan radioaktiv manbalarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni muhokama qilish, mavjud huquqiy va texnik yondashuvlarni tahlil qilish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda axborot almashish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Yig‘ilish yadro xavfsizligini mustahkamlash, radioaktiv materiallarning ruxsatsiz muomalasining oldini olish va ularni xavfsiz boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.




