YADROVIY INFRATUZILMA BO‘YICHA XALQARO MASLAHATLASHUV YIG‘ILISHI
2025-05-06 14:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Yokubekov rahbarligidagi delegatsiya hamda Xalqaro atom energetikasi bo‘yicha agentlik vakillari ishtirok etmoqda. Unda XAEAning Yevropa bo‘yicha texnik hamkorlik bo‘limi direktori Eve-Kyulli Kala xonim va O‘zbekistonning Venadagi doimiy vakili Baxtiyor Ibrohimov so‘zga chiqib, yig‘ilishning ahamiyati va qo‘shma hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Uchrashuv doirasida O‘zbekiston tomonidan mamlakatda yadro energetikasi sohasini rivojlantirishga qaratilgan milliy strategiya, amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar va kadrlar salohiyatini yuksaltirishga oid Milliy harakat rejasi yuzasidan taqdimot qilindi. Yig‘ilish ishtirokchisi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Aziz Ashirmetovga ko‘ra, taqdimot chog‘ida qonunchilik bazasi, jamoatchilikni xabardor qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari haqida atroflicha axborot berildi.
– XAEA mutaxassislari O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, texnikaviy ko‘mak, ekspert maslahatlari, tahlillar va ta’lim dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2022-2023 yillarda amalga oshirilgan ishlarning natijalari sarhisob qilinib, keyingi yillardagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shu bilan birga, kadrlar tayyorlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va yadroviy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish kabi muhim yo‘nalishlarda tajriba almashishga kelishildi. Bu kabi hamkorlik tomonlarning ushbu yo‘nalishda yaxshi natijalarga erishish ikonini beradi, – dedi A.Ashirmetov.





