QODIRIYNI YOD ETIB
2025-04-10 10:10:00 / Yangiliklar

Abdulla Qodiriy - o‘zbek milliy romanchiligining asoschisi, publitsist, hajv ustasi, tilshunos va tarjimon. U 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Avval islom maktabida (1904-1906), keyin rus-tuzem maktabida (1908-1912), Abulqosim shayx madrasasida (1916-1917) ta’lim oldi. Oilaviy sharoit taqozosi bilan bolalikdan mahalliy savdogarlarga kotiblik qildi (1907-1915). 1917 yil Oktabr davlat to‘ntarishidan so‘ng Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi (1918), “Oziq ishlari” gazetasi muharriri (1919), Kasaba uyushmasi sarkotibi (1920) lavozimlarida ishlagan. 1923 yili “Mushtum” jurnalini ta’sis etib, bir necha yil jurnal tahririyatida xizmat qilgan. Moskvadagi adabiyot kursida (1925-1926) o‘qigan. 1919-1925 yillar oralig‘ida matbuot nashrlarida 300 dan ortiq maqolalar e’lon qilgan. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizlgi qo‘mitasi xodimlari tomonidan ham ijodkorning ijod mahsuli doyim sevib mutolaa qilinib kelinadi. Xusan, Yoshlar ishlari agentligining kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha doirasida ishlab chiqilgan mutolaa ilovasi orqali muntazam o‘qib boriladi. Qo‘mita xodimlaridan biri Mirshaxzod Mirziyodov shunday yoshlarimizdan. “mutolaa ilovasidan ijodkorlar asarlarini o‘qish juda qulay bo‘lib, o‘zimga qiziq bo‘lgan milliy hamda jahon adabiyotini o‘qish imkoni bor” – deydi biz bilan suhbatda. Qodiriyning ijodi uning avlodlari uchun doimo qiziq bo‘lgan. Zero uning o‘zi ta’kidlaganidek, “Moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir”. Mulohaza qilinsa, ushbu so‘z juda o‘rinli ekani anglashiladi. Negaki, moziy – o‘tgan zamon va unda bo‘lib o‘tgan ishlarga qarab ibratlanish, ulardan kerakli xulosalar chiqarish bugungi kunning qadriga yetish uni asrab-avaylashni keltirib chiqaradi. Qodiriy umrining oxirigacha tinimsiz ijod bilan shug‘ullangan.1914-1915 yillarda uning “Ahvolimiz”, “To‘y”, “Millatimga”, “Fikr aylagil” kabi she’rlari, “Juvonboz”, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” kabi hikoyalari, “Baxtsiz kuyov” dramasi bosilib chiqqan. O‘zbek adabiyotidagi birinchi roman “O‘tgan kunlar”ni yaratdi (1919-1920). Asar 1922 yili “Inqilob” jurnalida, 1924-1926 yillarda har bir bo‘limi alohida-alohida kitob holida bosildi. 1918 yil fevralida ikkinchi yirik romani – “Mehrobdan chayon”ni yozib tugatdi. Roman 1929 yili Samarqandda bosilib chiqdi. 1934 yili adib “Obid ketmon” qissasini yozdi. Abdulla Qodiriy tilshunos va tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. U tatar fizik olimi Abdulla Shinosiyning “Fizika” (1928), N.V. Gogolning “Uylanish” (1935), A.R. Chexovning “Olchazor” (1936) asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Qozonda bosilgan “To‘la ruscha-o‘zbekcha lug‘at”ni (1934) tuzishda ishtirok etdi. Qodiriy 20-yillarning o‘rtalarida yozgan “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?” hajviy asarlarida bid’at va xurofotni qoraladi. Ularda xalqning yashash tarzi va ruhiy olamini o‘zgartirishga intilgan jadid adabiyoti maqsad va g‘oyalari o‘z ifodasini topgan. Ma’rifatparvarlik, millat ozodligi va istiqlol g‘oyalari Abdulla Qodiriy asarlarining asosiy g‘oyasini tashkil qiladi. Abdulla Qodiriy asarlari, ayniqsa, romanlari jahon miqyosida keng tarqaldi. Uning “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlari rus, ingliz, nemis, italyan, arab, ozarbayjon, tojik, qozoq, uyg‘ur, tatar tillariga tarjima qilingan. Nemis adabiyotshunoslari N. Tun, I. Baldauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, Eden Nabi kabi olimlar Abdulla Qodiriy ijodi bo‘yicha jiddiy ishlar qilishgan. 1991 yili O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilanoq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra Abdulla Qodiriyga Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1994 yili adib “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Shu yili Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkent Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog‘iga, katta ko‘chalardan biriga, Xalq merosi nashriyotiga hamda ko‘plab madaniyat muassasalariga Abdulla Qodiriy nomi berilgan.
