Rentgen uskunalaridan ruxsatnoma rasmiylashtirilmasdan foydalanish holatlari aniqlanmoqda
2025-01-29 17:00:00 / Yangiliklar

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi radiatsiya hamda yadro xavfsizligini ta’minlash sohalarida yagona davlat siyosatini yuritadi. Bu esa qo‘mitaga xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida sanoat xavfsizligini nazorat qilish vakolatini beradi.
Mazkur tashkilot bo‘lim boshlig‘i Bahodir Fayzullaevning ma’lum qilishicha, qo‘mita tomonidan respublikamizdagi rentgen uskunalaridan foydalanish tartiblari bo‘yicha o‘rganishlar olib borilgan.
– Yurtimizda rentgen uskunalaridan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda keng foydalaniladi, – dedi B.Fayzullaev. – Qo‘mitamiz tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, mamlakatimiz hududida 2500 ga yaqin rentgen uskunasi mavjudligi aniqlangan. Biroq ulardan tegishli ruxsatnoma rasmiylashtirmagan holda foydalanish holatlari uchramoqda. Ma’lumki, rentgen uskunasi tibbiyotda hech qanday kesma qilmasdan tananing ichki qismini ko‘rish uchun ishlatiladigan muhim diagnostika vositasi hisoblanib, u ishlash jarayonida o‘zidan ionlashtiruvchi nur chiqarish xususiyatiga ega. Ruxsatnoma olish esa rentgen uskunasidan foydalanish davrida radiatsiyaviy xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni o‘rnatish vakolatini beradi. Agarda bunday nazorat va tartib o‘rnatilmasa, rentgen bilan bevosita muomalada bo‘luvchi mas’ul xodimlar hamda bemorlarda muolaja davrida hosil bo‘luvchi zararli omillar (havodagi erkin radikallar) organizmga salbiy ta’sir etadi. Bu holat onkologik kasalliklarning rivojlanish ehtimolini oshirish xavfini keltirib chiqarishi mumkin. Radiatsiya va zararli omillar inson tanasi to‘qimalari bilan o‘zaro ta’sirining uzoq davomiyligi, keyinchalik somatik va irsiy yo‘nalishda tez rivojlanadigan biokimyoviy reaksiyalardan kasalliklarning vujudga kelishi ehtimolini oshiradi. Shuningdek, bu holatda a’zolarda va umuman organizmda qaytmas o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Shu o‘rinda, dunyo miqyosida so‘nggi besh yil davomida onkologik kasalliklarning 25 foizga oshib borayotganini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga binoan rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olinishi lozimligi belgilangan.Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan. Yuqorida ta’kidlangan qonunda ruxsatnomasiz faoliyatni amalga oshirganlik yoki ruxsatnomani qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olganlik uchun tashkilotlarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarida jarima solinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ana shu talablardan kelib chiqib, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish bilan bog‘liq har qanday masalada huquqiy va metodik yordam berishga tayyorligini bildiradi. Shu bilan birga, bu borada qonunchilikda belgilangan tartib bo‘yicha faoliyat olib borishga chaqiradi.
