Ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi
2025-01-23 19:00:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan 2024 yilda 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Jon boshiga uy-joy hajmi 19 kvadrat metrdan oshdi (2020 yilda 16 kvadrat metr bo‘lgan). Umuman, 2024 yili yurtimizda 21,4 million kvadrat metr turar joy va 19,1 million kvadrat metr noturar ob’ektlar, jami 40,5 million kvadrat metr bino-inshoot qurildi. O‘tgan yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli bo‘ldi. Mebel, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari sohalarida qo‘shimcha 11 trillion so‘mlik bozor paydo bo‘ldi. Qurilishni rag‘batlantirish uchun 2024 yilda 17 trillion so‘m ipoteka krediti ajratildi, quruvchi va developerlarga aylanma uchun jami 3 trillion so‘m mablag‘ berildi. Shu bois davlatimiz rahbari hokimlar uy-joy qurilishiga faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi deb emas, balki hududini iqtisodiy rivojlanishida asosiy “drayver” sifatida qarashi zarurligini ta’kidladi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga berilgan yer bo‘yicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi. Loyiha ekspertizasini o‘n besh kundan o‘tkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yiladi. Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi. Mamlakatimizda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan. Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q”, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti. Mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolarimiz daromadini hisobga oladigan tizim yaratish topshirildi. Yig‘ilishda foydalanishga topshirilgan uylar bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1-2 qavat qo‘shib qurgan. Yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish sifati bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Shu ma’noda, pudratchilarning qurilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligi qayd etildi. Hozir pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketayapti. Bu jarayonlar soddalashtirilishi e’lon qilindi. Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Ular kamchilik ko‘rsatsa, bartaraf qiladi. Qurilish loyihaga mos bajarilishini Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Ob’ektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora – QSNI va yong‘in xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur bo‘lsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning o‘zi jalb qiladi. Joriy yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan. Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon Yangi Toshkentda barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt-soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi. Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali bo‘ladi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi. Joriy yilda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15,5 trillion so‘m resurs berilmoqda. Banklar bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m yo‘naltirishni maqsad qilgan. “Ipoteka kompaniyasi” ham bu maqsadlarga 2,3 trillion so‘m resurs yo‘naltiradi. Mutasaddilarga 2025 yilda kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etish, shundan 30 mingi uchun kreditni boshlang‘ich badal uchun budjetdan subsidiya to‘lab, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga berish vazifasi qo‘yildi.Sohada yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi. Yig‘ilish davomida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.









