Qahramonlar xotirasi barhayot: Qo‘mitamiz vakili Senatning maxsus konferensiyasida ishtirok etdi
2026-05-07 18:05:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli anjumanda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, texnika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Olimjon Jo‘rayev ham ishtirok etdi. O. Jo'rayev ko'p yillardan buyon Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi huzurida ekspert sifatida samarali faoliyat yuritib keladi hamda davlat xavfsizligi va himoyasi masalalariga oid muhokamalarda Qo'mitamiz nomidan o'zining munosib hissasini qo'shib kelmoqda.
Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining fashizmga qarshi kurashdagi jasorati, front va front ortidagi fidoyiligi alohida ta’kidlandi. Olib borilgan so‘nggi ilmiy izlanishlar natijasida ochiqlangan yangi raqamlar — frontga safarbar etilgan o'zbekistonliklar soni 1 million 951 ming nafarni tashkil etgani (bu o‘sha davrdagi aholining qariyb uchdan bir qismidir), 538 mingdan ziyod yurtdoshimiz halok bo‘lgani va 158 ming nafardan ortig'i bedarak yo‘qolgani xotira naqadar muqaddas ekanini yana bir bor yodga soldi.
Shuningdek, konferensiyada xalqimizning iqtisodiyotni harbiy izga solishdagi fidokorligi, respublikamizga ko‘chirilgan korxonalar va evakuatsiya qilingan aholiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami yuksak baholandi. Anjuman doirasida Italiyada nashr qilingan “IL Contributo del popolo Dell’ Uzbekistan alla vittoria nella seconda guerra mondiale” (O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi) kitob-albomining taqdimoti o'tkazilgani ham jahon hamjamiyati tomonidan yurtimiz tarixiga bo'lgan yuksak e'tiborning namunasidir.
Tarixiy xotirani asrash, ota-bobolarimiz jasoratini ulug‘lash va bugungi musaffo osmon qadriga yetish har birimizning muqaddas burchimizdir. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo'mitasi jamoasi tinchlik yo'lida jon fido qilgan barcha qahramonlarimiz xotirasi oldida bosh egadi va yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etadi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati




