⚛️ Xalqaro tajriba: Yadro xavfsizligini ta'minlashda nazorat organlarining salohiyati oshirilmoqda
2026-05-07 18:10:00 / Yangiliklar

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tashabbusi bilan mintaqaviy hamkorlik loyihasi (INT2024) doirasida tashkil etilgan ushbu o‘quv kursi "Tartibga soluvchi organlar xodimlari uchun atom elektr stansiyalarida tayanch xavfsizlik" mavzusiga bag‘ishlandi. Nufuzli tadbir Pokiston Yadro nazorati agentligi (PNRA) mezbonligida bo'lib o'tdi.
Dunyoring turli mamlakatlaridan kelgan soha vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etgan 4 haftalik o'quv dasturi nazariy bilimlar va amaliyotni o'zida mujassam etdi. Xususan, mutaxassisimiz quyidagi muhim yo'nalishlar bo'yicha o'z malakasini oshirdi:
🔹 Yadroviy obyektlarni litsenziyalash va inspeksiya: Nazoratni amalga oshirish, obyektlarni joylashtirish (hudud tanlash - siting) hamda atrof-muhitga ta'sirni baholash mexanizmlari;
🔹 Xavfsizlik madaniyati va inson omili: Tashkilotlarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, xavflarni tahlil qilish hamda yadroviy xavfsizlikni boshqarish (Management for Safety) tamoyillari;
🔹 Amaliy tajriba: Dastur doirasida Pokiston Atom energetikasi komissiyasi (PAEC) tasarrufidagi yirik ilmiy va muhandislik obyektlariga maxsus texnik tashriflar amalga oshirildi. Bu esa nazariy bilimlarni bevosita amaliyotda, ish jarayonida ko'rish imkonini berdi.
O‘zbekistonda tinchlik maqsadlarida yadro energetikasini rivojlantirish hamda atom elektr stansiyasi loyihasi amalga oshirilayotgan ayni vaqtda, xalqaro ilg'or tajribalarni o'rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu o'quv kursida o'zlashtirilgan bilimlar mamlakatimizda yadroviy va radiologik xavfsizlik ustidan davlat nazoratini MAGATEning eng yuqori standartlari asosida amalga oshirishga xizmat qiladi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati









