🌍 Mintaqa xavfsizligi kimning zimmasida? Markaziy Osiyodagi hamkasblarimiz bilan tanishamiz
2026-05-05 10:00:00 / Yangiliklar

Xo‘sh, mintaqadagi qo‘shni davlatlarda sanoat va radiatsiya xavfsizligi uchun qaysi tashkilotlar mas'ul? Keling, Markaziy Osiyo tajribasiga qisqacha nazar tashlaymiz:
🇰🇿 Qozog‘iston Respublikasi
Qozog‘istonda mazkur yo‘nalishlar yirikligi sababli ikkita alohida idora vakolatiga bo‘lingan:
Sanoat xavfsizligi: Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Yadro va radiatsiya xavfsizligi: Energetika vazirligi huzuridagi Atom va energetika nazorati qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadi.
🇹🇯 Tojikiston Respublikasi
Tojikistonda ham soha spetsifikasiga qarab mas'uliyat taqsimlangan:
Sanoat obyektlari nazorati: Sanoat va tog‘-kon ishlari xavfsizligini davlat nazorati bosh boshqarmasi (Sanoat nazorati) tomonidan amalga oshiriladi.
Radiatsiya xavfsizligi: Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Yadro va radiatsiya xavfsizligi agentligi zimmasiga yuklatilgan.
🇰🇬 Qirg‘iziston Respublikasi
Qardosh Qirg‘izistonda sanoat va ekologik xavfsizlik me'yorlarining bajarilishi, shuningdek, radiatsion xavfsizlik masalalari asosan Tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vazirligi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
🇹🇲 Turkmanistonda Respublikasi
Sanoat xavfsizligi, texnik nazorat va radiatsiya manbalari ustidan nazorat birgalikda «Türkmenstandartlary» (Turkmanstandartlari) Bosh davlat xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Xususan, uning tarkibidagi Mehnat va yer osti boyliklarini muhofaza qilish departamenti xavfli sanoat obyektlarini nazorat qilish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini (radiatsiya) saqlash xavfsizligiga javobgar hisoblanadi.
🛡 Maqsad — yagona
Garchi mintaqa davlatlarida mas'ul idoralarning nomlari va tuzilmaviy bo‘linishi turlicha bo‘lsa-da, oldinga qo‘yilgan maqsad yagona: insonlar hayoti, atrof-muhit musaffoligi va strategik sanoat obyektlarining ishonchli ishlashini ta'minlash.
O‘zbekiston Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi qo‘shni respublikalardagi hamkasblari hamda xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro tajriba almashish va xavfsizlik zanjirini hududiy miqyosda mustahkamlash yo‘lida tizimli ishlarni davom ettiradi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati
