Bolalar hayotiga xavf tug‘dirayotgan noqonuniy "Batut"lar! Qo‘mita ogohlantiradi Qonun talablariga javob bermagan BATUTlarga nisbatan qat’iy chora ko‘radi!
2026-04-27 17:00:00 / Yangiliklar

Hozirgi kunda poytaxtimiz hududida joylashgan, fuqarolar ko‘p to‘planadigan maskanlar va istirohat bog‘larida havo bilan to‘ldirilgan attraksionlardan (batutlardan) noqonuniy foydalanish holatlari ko‘payib bormoqda. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu attraksionlarning aksariyati tegishli texnik sinovlardan o‘tkazilmagan, ishlash ruxsatnomasi va texnik pasportiga ega emas. Shuningdek, ular maxsus belgilangan lokatsiya joylari bilan kelishilmasdan, elektr energiyasi tarmoqlariga qoidalarga zid va xavfli ravishda ulanib olingan.
Qonunchilikka zid faoliyat
Ushbu noqonuniy attraksionlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 886-sonli “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni hamda attraksionlarni hisobga olish va davlat reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablariga butunlay zid ravishda muomalaga chiqarilgan. Ularning xavfsizlik talablariga javob berishi mutasaddi tashkilotlar tomonidan tekshirilib ko‘rilmagan.
Asosiy xavf nimalardan iborat?
Bunday attraksionlarga tashrif buyuruvchilar asosan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasligi quyidagi o‘ta og‘ir oqibatlarga, avariyalarga, tan jarohatlariga yoki o‘lim holatlariga olib kelishi mumkin:
Shamol xavfi: Havo bilan to‘ldirilgan attraksionlarning yerga to‘g‘ri va mustahkam qotirilmaganligi sababli, kuchli shamol ta’sirida ag‘darilishi yoki uchib ketishi;
Elektr toki xavfi: Elektr tarmoqlariga ochiq va noqonuniy ulanishlar sababli, yomg‘ir va namlik paytida bolalarni elektr toki urishi;
Biomexanik xavflar: Attraksion yuzasidagi teshiklar, tirqishlar, yoriqlar va nosoz tunnellarga tushib qolish oqibatida bolalarning suyak sinishi yoki boshqa og‘ir jarohatlar olishi.
Qanday choralar ko‘rilmoqda?
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xavf-xatarlarning oldini olish va bolalar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan aniq amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Xususan, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV), Ichki ishlar vazirligi (IIV), Milliy gvardiya hamda tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hududlarda litsenziya va ruxsatnomalarga ega bo‘lmasdan, qonunga xilof ravishda ishlayotgan havo bilan to‘ldirilgan attraksionlarning faoliyatini zudlik bilan to‘xtatish va qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha mas'ul idoralarga maxsus ariza shakllari tarqatildi.
Ota-onalarga murojaat
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ota-onalarni ogohlikka chaqiradi. Farzandlaringizni o‘ynashlari uchun faqatgina davlat reestridan o‘tgan, maxsus ruxsatnomasi bor va xavfsizlik qoidalariga to‘liq javob beradigan qonuniy attraksionlarni tanlang. Ko‘chada nazoratsiz o‘rnatilgan batutlar farzandingiz hayoti va sog‘lig‘i uchun bevosita xavf manbaidir!
Attraksion egalari va tadbirkorlardan esa amaldagi qonunchilik va 886-sonli qaror talablariga qat'iy rioya qilishlari so‘raladi. Aks holda, noqonuniy faoliyatga nisbatan qonuniy tartibda keskin choralar ko‘riladi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati







