KBRYA XAVFIDAN HIMOYA: XALQARO TAJRIBA VA AMALIY YONDASHUVLAR
2026-03-27 19:35:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbir global xavfsizlikni ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etuvchi masalalarni qamrab olib, turli davlatlardan kelgan mutaxassislar, ekspertlar va soha vakillarini bir platformada birlashtirdi. Seminar davomida ommaviy tadbirlar, sport inshootlari, savdo markazlari va boshqa ko‘p sonli aholi to‘planadigan hududlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan KBRYA tahdidlarini aniqlash, baholash va ularning oldini olish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi, Kimyoviy va bakteriologik qurolni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya ijrosini nazorat qilish bo‘yicha milliy koordinator O. Kasimov ham faol ishtirok etdi. U xalqaro tajribani o‘rganish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda milliy tizimni yanada takomillashtirish nuqtayi nazaridan seminar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Seminar doirasida qatnashchilar uchun nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda amaliy treninglar ham tashkil etildi. Xususan, Jilina shahridagi futbol maydonida o‘tkazilgan yakuniy amaliy mashg‘ulot davomida KBRYA xavfi yuzaga kelgan vaziyatlarda tezkor harakat qilish, aholini himoya qilish, evakuatsiya choralarini ko‘rish hamda maxsus xizmatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari zamonaviy texnologiyalar va vositalardan foydalangan holda xavfli moddalarni aniqlash, monitoring qilish hamda favqulodda holatlarda tezkor axborot almashinuvini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Bu esa kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqishda muhim omil hisoblanadi.
Mazkur xalqaro seminar O‘zbekiston uchun ham muhim tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Olingan bilim va ko‘nikmalar respublikamizda KBRYA xavfsizligini ta’minlash, aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishda keng qo‘llanilishi kutilmoqda.
Umuman olganda, bunday xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi global xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.









