NAVRO‘ZI OLAM MUBORAK!
2026-03-21 09:00:00 / Yangiliklar

Bahorgi tengkunlik, yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam bilan barchangizni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi jamoasi nomidan chin qalbimizdan muborakbod etamiz!
Navro‘z – asrlar osha xalqimizning ma’naviy hayotida mustahkam o‘rin egallagan, ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ulug‘laydigan buyuk bayramdir. Ushbu qutlug‘ ayyom tabiat bilan birga inson qalbini ham yangilanishga, ezgu niyat va pok orzular sari intilishga undaydi.
Yurtimizda Navro‘z qadimiy urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz va insoniy fazilatlarimizni namoyon etadigan, mehr-muruvvat, saxovat va birdamlik ruhi yanada kuchayadigan muazzam bayram sifatida keng nishonlanadi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatida ham inson manfaatlari, xalqimiz xavfsizligi va farovonligi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash, radiatsiya va yadro texnologiyalari bilan bog‘liq jarayonlarni qat’iy nazorat qilish orqali yurtimiz taraqqiyoti va fuqarolarimizning tinch-osuda hayotini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqdamiz.
Bu sharafli yo‘lda biz, avvalo, xalqimizning ishonchi, mehr-oqibati va hamjihatligiga tayangan holda, o‘z oldimizga qo‘yilgan mas’uliyatli vazifalarni izchil amalga oshirib kelmoqdamiz.
Aziz yurtdoshlar!
Ushbu go‘zal bahor ayyomida barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, oilaviy baxt-saodat tilaymiz. Yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ezgu mehnatlaringizda ulkan zafarlar, qalblaringizda doimo bahoriy kayfiyat hukm sursin!
Navro‘zi olam barchamizga yangilanish, farovonlik va ezgu niyatlar ro‘yobini olib kelsin!
Hurmat bilan,
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi jamoasi
