RAMAZON HAYIT BAYRAMI TABRIGI
2026-03-20 09:00:00 / Yangiliklar

Sizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni muborak Ramazon Hayit bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Ramazon Hayit – ezgulik, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik ayyomi sifatida xalqimiz hayotida alohida o‘rin tutadi. Ushbu ulug‘ va fayzli kunlarda inson qalbi yanada poklanib, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, ahillik va muruvvat kabi yuksak fazilatlar yanada mustahkamlanadi.
Muqaddas Ramazon oyida amalga oshirilgan savobli amallar, xayr-saxovat va duolar ushbu ayyomga o‘zgacha fayz va ma’naviy quvvat bag‘ishlaydi. Ayniqsa, keksalarga ehtirom ko‘rsatish, bemor va muhtojlardan xabar olish, yetim-esirlarni quvontirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlikni kuchaytirish kabi qadriyatlarimiz Ramazon Hayitning asl mohiyatini namoyon etadi.
Bugungi kunda yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bunday ezgu sa’y-harakatlar jamiyatimizda mehr-shafqat, birdamlik va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Aziz vatandoshlar!
Ushbu muborak ayyomda barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, oilaviy baxt-saodat tilayman. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, el-u xalqimiz omon, dasturxonlarimiz to‘kin, qalblarimiz shod bo‘lsin.
Ramazon Hayit bayrami barchamizga yaxshilik, qut-baraka va ezgu niyatlar ijobatini olib kelsin!
Hurmat bilan,
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov.
