O‘zbekiston yoshlar taraqqiyoti yo‘lida jadal rivojlanayotgan davlat sifatida e’tirof etildi
2026-02-24 14:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari ushbu e’tirof mamlakatimiz uchun katta g‘urur manbai ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda yoshlar sohasiga oid qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti hamda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, innovatsiyalarni keng joriy etish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi.
“Albatta, yangi metodika va innovatsiya olib kirib, ta’lim sifatini oshirish va bolalarni kasbining ustasi qilish haqida izlanadigan rahbarning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladi, ishiga yangicha muhit kiradi”, — dedi Prezidentimiz.
Shu bilan birga, globallashuv sharoitida yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli tahdidlar kuchayib borayotgani qayd etilib, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar bilan ishlashning zamonaviy, samarali va tizimli usullarini joriy etishi zarurligi ta’kidlandi.
Yoshlarning ma’naviy, intellektual va kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ularni turli zararli g‘oyalardan asrash hamda jamiyat taraqqiyotida faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
