Yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda
2026-02-24 12:10:00 / Yangiliklar

Xususan, yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida jami 434 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 66 tasi oltin, 147 tasi kumush va 221 tasi bronza medalidir.
Bugungi kunda dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar soni ham ortib bormoqda. Jumladan, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya va Kornell kabi yetakchi universitetlarda 500 nafardan ortiq yoshlar ta’lim olmoqda. Dunyo reytingida TOP-100 talikka kiruvchi oliygohlarda tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimiz soni esa 3,5 ming nafardan oshdi.
Innovatsion faoliyatga qiziqish bildirayotgan yoshlar tomonidan yaratilgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi rivojlangan davlatlar bozoriga kirib bordi.
Sport sohasida ham yoshlarimiz yuqori natijalarga erishmoqda. Xalqaro musobaqalarda ular 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, bugungi kunda yosh tadbirkorlar mamlakatimizdagi biznes vakillarining qariyb 35 foizini tashkil etmoqda.
Yoshlarga qaratilgan tizimli e’tibor va qo‘llab-quvvatlash siyosati ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
