“Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi
2026-02-24 12:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, mamlakat taraqqiyotida yoshlarning o‘rni va salohiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
“Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, — dedi Prezidentimiz.
Muloqot davomida har bir vazirlik va idora, hududiy hokimliklar, oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yoshlar bilan ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratish vazifasi yuklatildi.
Xususan, yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, shuningdek, ularning g‘oya, loyiha va startaplarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandligi va daromad manbalarini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir rahbar o‘z hududidagi yoshlarning muammolari va ehtiyojlariga befarq bo‘lmasdan, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yanada mas’uliyat bilan faoliyat yuritishi lozimligi ta’kidlandi.
